Xorijiy universitetlar bitiruvchilariga oylik ustamalari to'lash tartibi tasdiqlandi
Nufuzli xorijiy OTMlarni tamomlab, nodavlat notijorat tashkilotlarida ishlayotgan yosh mutaxassislarning maoshiga qo'shimcha ustamalar belgilanadi.

Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy kasblar bo'yicha yetuk kadrlar bo'lib shakllanishi hamda xorijiy nufuzli universitetlarda o'qigan yoshlarning bilimidan samarali foydalanishga alohida e'tibor qaratilmoqda. “Yoshlar oyligi” tadbirlari doirasida poytaxtdagi “NNT va Do'stlik uyi”da Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi, O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi o'rtasida muhim qo'shma qaror imzolandi.
Ustama to'lash mexanizmi va miqdorlari
Imzolangan qo'shma qarorga asosan, xalqaro reytinglarning yuqori 500 taligiga kiruvchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarini bitirib, nodavlat notijorat tashkilotlarida o'z mutaxassisligi bo'yicha mehnat qilayotgan yosh kadrlarning lavozim maoshiga ustamalar berish joriy etiladi. Mazkur qo'shimcha to'lovlar xorijiy OTMning xalqaro reytingdagi o'rni hamda mutaxassisning ta'lim bosqichidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Reyting va ta'lim bosqichlari bo'yicha belgilangan miqdorlar
Xalqaro reytingning dastlabki 200 taligiga kiruvchi universitetlar bitiruvchilari uchun:
- bakalavriat darajasida 7 BHM;
- magistratura darajasida 10 BHM;
- PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega mutaxassislar uchun 15 BHM miqdorida ustama to'lanadi.
Xorijiy OTMlar reyektining 500 taligiga kirgan oliygohlar bitiruvchilari uchun esa quyidagi miqdorlar belgilandi:
- bakalavriat darajasida 5 BHM;
- magistratura darajasida 7 BHM;
- PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega mutaxassislar uchun 10 BHM miqdorida qo'shimcha haq to'lash ko'zda tutilgan.
Ushbu tashabbus fuqarolik jamiyati institutlari sohasiga yuqori malakali kadrlarni jalb qilish, yosh mutaxassislarning intellektual salohiyatini oshirish va ularni mamlakat taraqqiyotiga qo'shgan hissasi uchun munosib rag'batlantirishga xizmat qiladi.
Manba: UzA


