Jizzaxlik o'qituvchilar Xitoyda malaka oshirish kurslarida qatnashmoqda
Jizzax viloyati pedagoglar delegatsiyasi Xitoyning Sian shahrida ilg'or ta'lim texnologiyalari va sun'iy intellekt bo'yicha malaka oshirmoqda.

Jizzax viloyati o'qituvchi-pedagoglaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida xizmat safarida bo'lib turibdi. Mazkur delegatsiya uchun “Shaanxi Energy Institute” ta'lim muassasasida maxsus malaka oshirish dasturi tashkil etilgan. Dastur ilg'or ta'lim texnologiyalari, sun'iy intellekt va STEAM yondashuvlarini o'zlashtirishga qaratilgan bo'lib, o'qituvchilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Xalqaro hamkorlik va yangi imkoniyatlar
Tadbirning ochilish marosimida Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i vazifasini bajaruvchi Shohida Damanova nutq so'zladi. U O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi ta'lim yo'nalishidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib, pedagoglar uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini qayd etdi. Uning so'zlariga ko'ra, bunday xalqaro dasturlar o'qituvchilarning mahoratini oshirish va zamonaviy tajribalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dastlabki mashg'ulotlar tajriba almashish hamda innovatsion yondashuvlarni o'rganishga bag'ishlandi. Jumladan, “Sun'iy intellekt texnologiyalarining umumiy ko'rinishi va uning ta'lim sohasidagi imkoniyatlari. STEAM ta'limi” mavzusidagi amaliy mashg'ulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Hozirgi kunda dunyo ta'lim tizimi raqamlashtirish bosqichini boshdan kechirayotgan paytda, ushbu bilimlar pedagoglar uchun muhim omilga aylanmoqda.
Treninglar va xorijiy tajriba
Delegatsiya a'zolari “Shaanxi Energy Institute”da zamonaviy o'qitish texnologiyalari, raqamli pedagogika, ta'lim jarayonini boshqarish mexanizmlari hamda xalqaro baholash standartlari bo'yicha o'tkazilayotgan amaliy treninglarda ishtirok etmoqda.
O'z navbatida, mamlakatimizda ham pedagog kadrlarning malakasini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-iyulda qabul qilingan “Oliy ta'lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida pedagoglarning bilim va ko'nikmalarini uzluksiz takomillashtirish, ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Jizzaxlik pedagoglarning mazkur tashrifi ana shu vazifalar ijrosining amaliy ko'rinishidir.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi xalqaro dasturlar ta'lim muassasalari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, zamonaviy metodikalarni milliy ta'lim tizimiga tatbiq etish va ta'lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Manba: UzA


