2026/2027 o'quv yili uchun 1-sinf o'quvchilariga “Prezident sovg'asi” yetkazib beriladi
Yangi o'quv yili oldidan barcha 1-sinf o'quvchilariga 12 turdagi o'quv qurollaridan iborat “Prezident sovg'asi” topshiriladi.

Yangi o'quv yiliga tayyorgarlik va sovg'alarni tarqatish muddati
Maktab ostonasiga ilk bor qadam qo'yayotgan jajji bolajonlar uchun 1-sentabr bayrami yangi kitoblar, ilk sinfxona va ustozlar bilan bir qatorda “Prezident so'vg'asi” quvonchi bilan ham esda qolarli bo'ladi. Mazkur an'anaviy tashabbus doirasida minglab o'quvchilarning bilim olish sari qo'ygan ilk qadamlari qo'llab-quvvatlanadi. 2026/2027 o'quv yili uchun tayyorlangan “Prezident sovg'asi” jami 12 turdagi zarur o'quv qurollaridan iborat bo'lib, ularni manzillarga yetkazish jadvali tasdiqlangan.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi ma'lumotiga ko'ra, barcha o'quv qurollari 15-avgustga qadar respublikaning barcha hududlariga, shuningdek, 25-avgust sanasigacha to'g'ridan-to'g'ri maktablarning o'ziga to'liq yetkazib berilishi ta'minlanadi. Ushbu bayramona sovg'alar an'anaviy tarzda o'tkaziladigan “Birinchi qo'ng'iroq” tadbirlari yakunlangach, barcha birinchi sinf o'quvchilariga tantanali ravishda topshiriladi.
Qamrov ko'lami va o'quvchilar soni
Mazkur quvonchli an'ana faqat davlat maktablari bilan cheklanib qolmaydi. O'quv qurollari to'plami davlat maktablari bilan bir qatorda nodavlat ta'lim muassasalari va boshqa idoralarga qarashli bo'lgan barcha maktablarning 1-sinfiga qadam qo'yadigan bolalarga ham taqdim etiladi.
Ma'lumotlarga ko'ra, yangi o'quv yilida mamlakatimizda 795 ming nafardan ortiq bolani 1-sinf o'quvchilari safiga qabul qilish rejalashtirilgan. Joriy yilning 5-avgust holatidagi ko'rsatkichlarga nazar tashlasak, respublika bo'yicha 680 mingdan ziyod bola maktabga qabul qilinishga ulgurgan. Bu esa belgilangan rejaning 85 foizini tashkil etishidan dalolat beradi.
Manba: UzA


