Toshkent shahri ilk bor Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qiladi
Toshkentda 9-16-avgust kunlari 38-Xalqaro informatika olimpiadasi bo'lib o'tadi. Unda 900 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashadi.
Toshkent shahri ilk bor 38-Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qiladi. Nufuzli musobaqa joriy yilning 9-16-avgust kunlari poytaxtimizda o'tkaziladi. Bu haqda Milliy matbuot markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil ma'lumot berildi.
Ishtirokchilar va rekord ko'rsatkich
Olimpiadada dunyoning 97 dan ortiq davlatidan 386 nafar o'quvchi o'z bilimini sinovdan o'tkazadi. Delegatsiyalar, xalqaro qo'mita vakillari, murabbiylar hamda mehmonlarni qo'shib hisoblaganda, tadbir qatnashchilarining umumiy soni 900 nafardan oshadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu ko'rsatkich Xalqaro informatika olimpiadasi tarixidagi eng yuqori natija hisoblanadi.
Milliy terma jamoani tayyorlash jarayoni
Musobaqaga tayyorgarlik ko'rish maqsadida 2025-yil noyabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich saralash ishlari amalga oshirildi. Xususan, Qozog'iston, Polsha va Ruminiyadan xalqaro ekspertlar jalb etilib, 10 ga yaqin o'quv-mashg'ulot yig'inlari tashkil qilindi. O'quvchilarning texnik bilimlari bilan bir қаторda, ularning psixologik tayyorgarligiga ham alohida e'tibor qaratildi. Hududlardan saralangan 100 nafar iqtidorli o'quvchi orasidan 2 ta milliy terma jamoa uchun 4 nafardan jami 8 nafar nafar o'quvchi sarlab olindi.
Islohotlarning amaliy natijasi
So'nggi yillarda mamlakatimizda raqamli ta'lim, axborot texnologiyalari va sun'iy intellekt yo'nalishlarini rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar olib borilmoqda. O'tkazilayotgan IOI 2026 musobaqasi ana shu o'zgarishlarning mantiqiy davomi bo'lib, yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va O'zbekistonning texnologik imkoniyatlarini butun dunyoga namoyish etishda muhim qadam bo'lib xizmat qiladi.
Manba: Kun.uz


