Alohida ta'limga ehtiyoji bor bolalarni qamrab olishning yangi tartibi tasdiqlandi
Prezident qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-sentabrdan alohida ta'limga ehtiyoji bo'lgan bolalar uchun “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi.

Har bir bola sifatli ta'lim olish huquqiga egaligi hamda bunday bolalarga o'z vaqtida ko'rsatiladigan ta'lim va ijtimoiy xizmatlar ularning kelajagini belgilashda muhimligi ta'kidlanmoqda.
Davlat rahbarining joriy yil 4-avgustdagi “Alohida ta'limga ehtiyoji bo'lgan bolalarni ta'lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko'ra, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab ta'limga ehtiyoji mavjud bolalarni ta'lim, ijtimoiy yordam hamda xizmatlarga jalb etish borasida “oilabay” ishlash tizimi amaliyotga tatbiq etiladi.
Yangi tartib va monitoring mexanizmlari
Qabul qilingan tartibga binoan, ijtimoiy xodimlar ota-onalarga bolalarni tegishli ta'lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb qilish ishlarida amaliy yordam beradi. Shu bilan birga, bolaning mazkur xizmatlardan foydalanish jarayoni doimiy ravishda nazorat qilib boriladi va zarurat tug'ilganda qo'shimcha ijtimoiy yordam hamda xizmatlarga yo'naltiriladi.
Bolalar ehtiyojini baholash tizimi
Bundan tashqari, 3–18 yosh oralig'idagi bolalarning alohida ta'limga ehtiyoji “Inson” markazlari qoshidagi Bolani kompleks baholash guruhlari tomonidan zamonaviy psixologik-pedagogik hamda funksional baholash mezonlari asosida aniqlanishi belgilandi. Baholash jarayonida bolaning ta'limga ehtiyoji psixologik-pedagogik diagnostik mezonlar orqali, funksional imkoniyatlari, kundalik hayotdagi faolligi va ishtiroki esa nogironlikni baholash shkalasining mahalliy shart-sharoitlarga moslashtirilgan mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Mazkur yangi tizim dastlabki bosqichda 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Navoiy va Xorazm viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida yo'lga qo'yilishi ko'zda tutilgan.
Manba: UzA


