Andijonda alohida ta'lim ehtiyoji bor o'quvchilar bilan ishlash muhokama qilindi
Andijon viloyatida alohida ta'lim ehtiyojlari mavjud o'quvchilar bilan ishlashni yangi bosqichga ko'tarishga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi.

Andijon viloyati maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi tashabbusi bilan maktablardagi alohida ta'lim ehtiyojlari mavjud o'quvchilar bilan ishlashga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda boshqarma boshlig'ining o'rinbosari Gulhayo Omonova, boshqarma hamda Ijtimoiy himoya agentligi viloyat bo'limi mutaxassislari, shuningdek, inklyuziv sinflari mavjud maktablar rahbarlari qatnashdi. Uchrashuvda ta'lim maskanlarida bunday o'quvchilar bilan ishlash borasidagi amalga oshiriladigan ishlar va muhim vazifalar muhokama qilindi.
Zamonaviy yondashuvlar va takliflar
Muloqot davomida mutaxassislar va ishtirokchilar maktablarda to'siqsiz muhitni barpo etish, o'quvchilar bilan ishlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalariga e'tibor qaratishdi. Shuningdek, zamonaviy yondashuvlarni qo'llagan holda ta'lim jarayonini samarali tashkil etish yuzasidan turli takliflar bildirildi.
Tavsiyalar va tushuntirishlar
Tadbir yakunida boshqarmaning kadrlar bo'limi, komplayens nazorat xizmati hamda Ijtimoiy himoya agentligi mas'ullari ishtirokchilarga alohida ta'lim ehtiyoji bor bolalarga individual yondashuvni ta'minlash va ularning ijtimoiy moslashuvini qo'llab-quvvatlash bo'yicha zarur tushuntirishlar berdilar. Mutasaddilar mazkur yo'nalishdagi ishlarni belgilangan tartiblar asosida olib borish yuzasidan o'z tavsiyalarini yetkazishdi.
Manba: UzA


