Bog'chalarda 2026-2027 o'quv yilidan joriy etiladigan yangiliklar ma'lum qilindi
Yangi o'quv yilidan bog'chalarda "Ilk qadam" dasturining uchinchi nashri va o'yinga asoslangan ta'lim joriy etiladi.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida 2026-2027 o'quv yiliga puxta tayyorgarlik ko'rish, ta'lim-tarbiya jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish hamda bolalarni har tomonlama rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratish bo'yicha asosiy vazifalar belgilandi.
Yangi o'quv dasturlari va metodikalar
Yangi o'quv yilidan boshlab "Ilk qadam" milliy o'quv dasturining uchinchi nashri ta'lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etiladi. Shuning bilan birga, "Bola, o'yin va pedagog" loyihasi asosida o'yinga asoslangan ta'limni bosqichma-bosqich yo'lga qo'yish rejalashtirilgan. Bolalarning bilim va ko'nikmalarini rivojlantirishda "Quvnoq matematika" hamda "Bilag'on bolajon" o'quv-metodik majmualaridan samarali foydalanish ham ustuvor vazifalardan biri etib belgilandi.
Ekologik madaniyat va xavfsiz muhit
Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarda ekologik madaniyat va sog'lom turmush tarzini shakllantirishga e'tibor kuchaytiriladi. Bog'chalarda bolalar uchun xavfsiz va ularning rivojlanishiga xizmat qiluvchi ta'lim muhitini yaratish ko'zda tutilgan.
Pedagoglarning malakasini oshirish
Yangi o'quv yilida pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirish ham muhim yo'nalishlardan biri bo'ladi. Xususan, tarbiyachi va pedagoglarning zamonaviy ta'lim texnologiyalari, sun'iy intellekt hamda raqamli resurslardan foydalanish bo'yicha ko'nikmalarini takomillashtirish rejalashtirilgan.
Belgilangan chora-tadbirlar maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim-tarbiya sifatini oshirish, zamonaviy yondashuvlarni kengroq tatbiq etish va bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Manba: Kun.uz

