Angorda eng namunali maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori aniqlandi
Surxondaryo viloyati Angor tumanida bog'cha rahbarlari o'rtasida o'tkazilgan tanlov g'oliblari aniqlandi.

Surxondaryo viloyati Angor tumanida maktabgacha ta'lim tashkilotlari rahbarlari o'rtasida tashkil etilgan "Eng namunali maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori" ko'rik-tanlovining tuman bosqichi bo'lib o'tdi. Mazkur tadbir bog'cha tizimidagi rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyati, kasbiy mahorati va zamonaviy yondashuvlarini baholashga qaratildi.
Tadbirning ochilishida viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Jasur Mirzaqulov qatnashib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. U o'z nutqida ta'lim tizimida samarali boshqaruvni yo'lga qo'yish, rahbarlarning kasbiy ko'nikmalarini mustahkamlash va ilg'or tajribalarni ommalashtirish mazkur tadbirning asosiy vazifalaridan biri ekanini ta'kidlab o'tdi.
Ilk bor sinov tariqasida o'tkazilgan bellashuvda kamida ikki yillik rahbarlik tajribasiga ega bo'lgan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktorlari ishtirok etdi. Qatnashchilar o'z bilim va rahbarlik salohiyatini portfolio taqdimoti, boshqaruv loyihasi himoyasi hamda turli vaziyatli topshiriqlar bajarish jarayonida namoyon qilishdi.
Tanlov g'oliblari
- Angor tumanidagi 11-davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori Dilfuza Shaymardonova birinchi o'rinni egallab, viloyat bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi.
- 5-davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori Nargiza Orziqulova ikkinchi o'ringa loyiq ko'rildi.
- 4-davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti direktori Nazokat Donayeva uchinchi o'rinni egalladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu tanlov maktabgacha ta'lim tizimida zamonaviy boshqaruv usullarini keng joriy etish, rahbar kadrlar malakasini oshirish va ularning ilg'or tajribalarini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA

