Birinchi sinflar uchun ajratilgan o'quv qurollari kelgusi o'quv yilida ham ishlatiladi
Hukumat qaroriga ko'ra, 1-sinf o'quvchilari uchun mo'ljallangan va ortib qolgan o'quv qurollari kelgusi yilda ham foydalaniladi.
Prezident sovg'asi sifatida 1-sinf o'quvchilari uchun ajratilgan o'quv qurollarining ortib qolgan qismi keyingi yili ham ishlatiladi. Bu haqda hukumat qarorida belgilandi.
Qarorga ko'ra, prognoz ko'rsatkichlari asosida joriy o'quv yili uchun umumiy o'rta ta'lim maktablariga qabul qilingan 1-sinf o'quvchilari soniga mos ravishda tarqatilgan o'quv qurollari to'plamidan ortib qolgan qismi keyingi o'quv yili uchun davlat xaridlarini amalga oshirishda inobatga olinadi.
Bunda keyingi o'quv yiliga qadar yaroqlilik muddati tugaydigan o'quv qurollari Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarining majburiy maktabga tayyorlov guruhlariga foydalanish uchun bepul ajratiladi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi axborotiga ko'ra, joriy yilda birinchi sinfga qabul qilinadigan 795 mingdan ortiq o'quvchiga Prezident sovg'asi topshirilishi kutilmoqda. To'plamga o'quv sumkasi, 12 ta daftar, ruchka, 2 ta oddiy qalam, rangli qalamlar to'plami, rangli qog'oz, plastilin, rasm daftari, 2 ta o'chirgich, rangli akvarel bo'yoqlari, yelim va qalamdon kiritilgan.
Manba: Kun.uz


