Buxoro viloyatida musiqa va san'at maktabi uchun yangi bino qurildi
Vobkent tumanidagi 8-sonli musiqa va san'at maktabi uchun Tashabbusli byudjet mablag'lari asosida 100 o'rinli yangi bino foydalanishga topshirildi.

Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 8-sonli musiqa va san'at maktabi jamoasi yangi o'quv binosiga ega bo'ldi. Yarim asrlik tarixga ega mazkur ta'lim dargohi shu vaqtgacha yuzlab yosh iste'dodlarni yetishtirib chiqarib, madaniy merosimizni avlodlarga yetkazishda xizmat qilib kelmoqda. Hozirgi kunda maktabda 33 nafar oliy ma'lumotli o'qituvchi 275 nafar o'quvchiga ta'lim berib kelmoqda.
Yangi yil bayrami arafasida ta'lim maskani uchun 100 o'rinli zamonaviy bino qad rostladi. Mazkur bino "Tashabbusli byudjet" loyihasi doirasida ajratilgan 1,5 milliard so'm mablag' evaziga barpo etildi. Shuningdek, tuman hokimligi tashabbusi bilan qo'shimcha ravishda 70 million so'm mablag' yo'naltirilib, maktabning moddiy-texnika bazasi yanada mustahkamlandi va zarur jihozlar bilan ta'minlandi. Yangi binoning ochilish marosimida tuman hokimligi vakillari, madaniyat bo'limi mas'ullari, jamoatchilik hamda yoshlar ishtirok etdi.
Manba: UzA


