Buxorodagi davlat bog'chalarida fransuz tili o'rgatila boshlandi
Buxoro viloyatidagi 26 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida Kokoro Lingua platformasi yordamida fransuz tili o'rgatila boshlandi.

Buxoro viloyatidagi 26 ta davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida bolalarga fransuz tilini o'rgatish maqsadida Kokoro Lingua innovatsion platformasidan foydalanish amaliyoti boshlandi. Bu tashabbus Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammitida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta'minlash doirasida amalga oshirilmoqda. Joriy yilning yanvar oyidan boshlab viloyatdagi mazkur bog'chalarning 65 ta katta hamda maktabga tayyorlov guruhlarida fransuz tili darslari bepul tarzda tashkil etilmoqda.
O'quv seminari va metodika
Platformadan to'g'ri va samarali foydalanishni yo'lga qo'yish maqsadida Buxoro davlat pedagogika institutida maxsus mintaqaviy o'quv seminari o'tkazildi. Unda loyiha koordinatori Nathalie Lesselin hamda Buxoro va Navoiy viloyatlaridan kelgan 120 nafardan ziyod maktabgacha ta'lim tashkilotlari direktor o'rinbosarlari qatnashdi. Seminarda kichik yoshdagi bolalarga chet tillarini ularning yosh xususiyatlariga mos, qiziqarli va tabiiy usullar yordamida o'qitish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xususan, interaktiv videodarslar hamda o'yinlar vositasida til ko'nikmalarini rivojlantirish bo'yicha taqdimotlar namoyish etildi.
Amaliy tanishuv
Seminar qatnashchilari Buxoro shahridagi 5-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotiga tashrif buyurib, amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishdilar va platformaning ishlash tartibini ko'zdan kechirdilar.
Manba: UzA

