Davlat bog'chalaridagi bolalar fevral oyining oxirigacha grippga qarshi bepul emlanadi
Respublika bo'ylab davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari grippga qarshi bepul emlanmoqda.

Joriy yilning fevral oyi oxirigacha O'zbekistondagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar grippga qarshi bepul emlanishi boshlandi. Ushbu jarayon uchun davlat mablag'lari evaziga 520 ming doza vaksina xarid qilinib, barcha hududlarga yetkazib berildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, maktabgacha yoshdagi bolalar gripp virusiga nisbatan eng himoyasiz qatlam hisoblanadi. Bolalar jamoada birga bo'lgani sababli infeksiya tez tarqalib, kasallik og'ir kechish xususiyatiga ega. Ayniqsa, qish mavsumining so'nggi oyi — fevralda gripp turli asoratlar bilan namoyon bo'lishi xavfi yuqori bo'ladi. Fevral-mart oylarida ham viruslar faolligicha qoladi.
Emlashning afzalliklari va tartibi
- Vaksina bolalarni pnevmoniya, bronxit va otit kabi og'ir kasalliklardan himoya qiladi.
- Bog'chalarda ommaviy kasallanish holatlarining oldi olinadi.
- Emlashdan keyin 10-14 kun ichida bolalar organizmida maxsus immunitet hosil bo'lib, mavsum oxirigacha muhofaza ta'minlanadi.
Tibbiy kuzatuvlarga ko'ra, gripp oddiy shamollash emas, balki yuqori isitma, kuchli zaharlanish, nafas olishning qiyinlashishi va o'pka yallig'lanishiga olib kelishi mumkin. Emlanmagan bolalarda xavf yuqori bo'lishi sababli, vaksinatsiya kasallikning oldini oladi yoki uni yengil shaklda o'tishini kafolatlaydi.
Jarayon davomida har bir bola shifokor ko'rigidan o'tkazilib, faqat sog'lom holatdagilarga vaksina yuboriladi. Ishlatilayotgan vaksinalar xavfsiz va samarali bo'lib, ko'p yillik amaliyotda o'z natijasini ko'rsatgan. Mutaxassislar ota-onalarni farzandlarini o'z vaqtida emlatishga chaqirmoqda.
Manba: UzA

