Deputatlar maktab va bog'chalardagi sharoitlar hamda mavjud muammolarni o'rgandi
Parlament quyi palatasi deputatlari hududlardagi maktab va bog'chalar faoliyati, shart-sharoitlari hamda mavjud muammolarni yaqindan o'rganib chiqdi.

Mamlakatimizda maktabgacha ta'lim va umumta'lim muassasalarida munosib shart-sharoitlar yaratish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida o'quvchilar jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qo'lga kiritdi. Shuningdek, Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Kornell kabi nufuzli oliygohlarda o'qiyotgan yoshlar 500 nafardan, TOP-100 talikdagi universitetlar talabalari esa 3,5 ming nafardan oshdi. Sportchilarimiz ham xalqaro musobaqalarda ko'plab medallarga sazovor bo'ldi.
Hududlardagi maktablarda aniqlangan ehtiyojlar
Parlament quyi palatasi vakillari hududlardagi o'rganishlari davomida ta'lim maskanlaridagi yutuqlar bilan birga ayrim muammolarni ham aniqladi. Jumladan, Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi 2-sonli umumta'lim maktabida 1500 nafarga yaqin o'quvchi tahsil olayotgani, biroq bino 940 o'ringa mo'ljallangani ma'lum bo'ldi. Shu bois jamoa qo'shimcha sport zaliga ehtiyoj borligini bildirgan.
Buxoro viloyati Qorako'l tumanidagi 3-sonli maktabda ham o'quvchilar soni me'yordan ortiq bo'lib, qo'shimcha 330 o'rinli bino qurish zarurati bor. Tumandagi 19-sonli maktabning 1960-yilda qurilgan sport zali talabga javob bermay qolgan. Dehqonobod tumanidagi 13-maktab binolari eskirgani sababli rekonstruksiya qilish masalasi ko'tarildi. Qarshi shahrida esa pedagoglar tomonidan “Tarbiya” fanining darsliklarini qayta tahrirlashga ehtiyoj borligi qayd etildi.
Bog'chalar faoliyatidagi muammolar
Ekofraksiya a'zosi Farg'ona viloyati Quva tumanidagi 14-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotini o'rganganda, bog'cha achinarli ahvolda ekani aniqlandi. Binolar to'liq ta'mirga muhtoj, yoritish tizimi ishlamayapti, devor va shiftlarda chuqur yoriqlar mavjud. Shuningdek, bog'cha o'tkazilgan "catering" tizimida ovqat uzoq hududdan keltirilishi sababli sifatli va issiq holda yetib kelmayotgani ma'lum bo'ldi. Deputat bu masalani Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi bilan birgalikda dasturga kiritib hal etishni rejalashtirdi. Ta'lim-tarbiya jarayonidagi bunday muammolarni o'z vaqtida bartaraf etish ta'lim sifatini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: UzA


