Dunyo bo'ylab eng ko'p migrant qabul qilayotgan davlatlar va ularning ko'rsatkichlari
Xalqaro migratsiya jarayonlari, eng ko'p xorijliklarni qabul qilayotgan davlatlar va inson kapitali uchun global raqobat tahlil qilindi.

Insoniyat tarixida aholi ko'chishi hech qachon bugungi darajaga chiqmagan. Ish o'rni, xavfsiz muhit, yuqori daromad, sifatli ta'lim va barqaror kelajak izlab millionlab inson har yili mamlakatlar aro harakatlanmoqda. BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, OECD va Jahon banki ma'lumotlariga ko'ra, 2024-yil holatida tug'ilgan yurtidan tashqarida yashayotgan insonlar 304 million nafarga yetgan. 2000-yil boshidagi miqdordan qariyb ikki barobar yuqori bu ko'rsatkich xalqaro mehnat bozori, ta'lim tizimi va aholi tarkibidagi o'zgarishlarni yaqqol namoyon etadi.
Asosiy qabul qiluvchi davlatlar
Migrantlar jami soni bo'yicha mutlaq yetakchilikni AQSH egallagan bo'lib, mazkur mamlakat hududida 52 milliondan ziyod xorijlik istiqomat qiladi. Keyingi o'rinlarni Germaniya va Saudiya Arabistoni egallagan. GFRda taxminan 16,8 million, Saudiyada esa 13,7 million migrant yashaydi. Olmon diyoriga keluvchilar orasida malakali mutaxassislar, talabalar va doimiy yashash maqsadida ko'chib kelayotgan oilalar ulushi yuqori. Saudiya iqtisodiyotida esa asosiy ulushni vaqtincha mehnat migratsiyasi ta'minlaydi. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada ham xalqaro aholi harakatining muhim markazlari qatoriga kiradi. Ushbu davlatlarga ko'pchilik ilmiy muhit, nufuzli oliy ta'lim muassasalari va yuqori turmush sifati tufayli intiladi.
Statistika shuni ko'rsatadiki, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarda xorijliklar mahalliy fuqarolardan ko'proq bo'lib, ayrim hisobotlarga ko'ra migrantlar umumiy aholining 70-80 foizigacha yetadi.
Inson kapitali uchun kurash
Rivojlangan iqtisodiyot aholi qarishi va tug'ilish darajasi pasayishi tufayli mehnat resurslari yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Natijada ko'plab hukumatlar muhojirlarni jalb qilish uchun raqobatni kuchaytirdi. Ayniqsa, yuqori malakali kadrlar uchun kurash alohida ahamiyat kasb etmoqda. Muhandislar, dasturchilar, sun'iy intellekt mutaxassislari, olimlar va tibbiyot xodimlari ko'plab davlatlar iqtisodiyoti uchun strategik resursga aylandi. Kanada, Avstraliya, Germaniya va Buyuk Britaniya maxsus ball tizimi, tezlashtirilgan viza dasturi va soliq imtiyozi orqali aynan shu kasblar vakillarini jalb qilmoqda.
Manba: UzA


