Farg'onada maktab direktorini noqonuniy ishdan bo'shatgan boshqarma boshlig'i jazolandi
Buvayda tumanida maktab direktorini mehnat qonunchiligiga zid ravishda ishdan bo'shatgan Farg'ona viloyati MMTB rahbari ma'muriy javobgarlikka tortildi va rahbar o'z lavozimiga tiklandi.
Farg'ona viloyati Buvayda tumanidagi umumta'lim maktabi direktorini mehnat qonunchiligi talablariga zid ravishda lavozimidan ozod qilgan viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi rahbari ma'muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma'lumot tarqatdi.
Inspeksiya xabariga ko'ra, boshqarma rahbari tomonidan maktab rahbarini ishdan bo'shatish hamda uning o'rniga yangi direktor tayinlash jarayonida mehnat qonunchiligi talablari qo'pol sekillda buzilgan. Shu sababli mazkur mansabdor shaxsga nisbatan tegishli ma'muriy jazo chorasi belgilangan. Hozirda vazirlik yoki idora xabarida mas'ul shaxsning ismi-sharifi hamda unga qo'llanilgan jazoning aniq turi keltirilmagan.
Vaziyatning kelib chiqish sabablari
Buvayda tumanidagi 37-maktab direktori Hasanboy Nishonov o'qituvchilarni dam olish kunlarida navbatchilikka jalb etgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo'lgan edi. Shundan so'ng Farg'ona viloyati MMTB maktab direktori pedagogik jamoaga lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklagani uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilinganini ma'lum qilgandi. Biroq keyinchalik o'qituvchilarni navbatchilikka jalb etish bo'yicha topshiriq aynan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan berilgani ma'lum bo'ldi.
Direktor o'z lavozimiga qaytarildi
Yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o'rganish ishlari olib borildi. Tekshiruv natijasida maktab direktori haqiqatan ham mehnat qonunchiligi talablari buzilgan holda noqonuniy ravishda lavozimidan ozod etilgani aniqlandi. Shundan kelib chiqib, huquqlari buzilgan rahbar o'zining avvalgi lavozimiga qayta tiklandi.
Manba: Kun.uz


