Farg'onalik o'nlab yoshlar El-yurt umidi jamg'armasi ko'magida xorijda o'qimoqda
Hozirgi kunda Farg'ona viloyatining 52 nafar iqtidorli yoshlari El-yurt umidi jamg'armasi granti asosida nufuzli xorijiy OTMlarda tahsil olmoqda.

Prezidentning 2025-yil 5-maydagi farmoniga muvofiq qayta tashkil etilgan "El-yurt umidi" jamg'armasi yoshlar va davlat xizmatchilariga xorijda ta'lim olish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Jamg'arma faoliyatining takomillashtirilishi natijasida top-300 talik oliygohlarga kirganlar uchun o'qish va yashash xarajatlarini qoplash tizimi yangi tartibda ishga tushdi. Shuningdek, STEM yo'nalishlari, energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo'jaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar bir necha karra oshirildi.
Stipendiya tanlovlari natijalari
2025-yilning birinchi ochiq tanlovida 173 nafar, ikkinchi tanlovida esa 64 nafar nomzod "O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "El-yurt umidi" stipendiyasi sovrindori" deb topildi. G'oliblarning 70 foizi Kembrij, London va Seul milliy universiteti kabi dunyoning TOP-100 taligiga kiruvchi oliygohlarga qabul qilingan bo'lib, ularning 25 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Farg'onalik yoshlarning xorijdagi ta'limi
Bugungi kunga qadar jamg'arma dasturlari asosida o'qib qaytgan va mamlakatimizda mehnat qilayotgan stipendiatlar 372 nafarni tashkil etib, shundan 35 nafari Farg'ona viloyatidandir. Ayni paytda viloyatning 52 nafar iqtidorli yoshlari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Shveysariya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Belgiya va Rossiya davlatlarida tahsil olmoqda.
Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va ularga tanlovlarda muvaffaqiyatli qatnashish bo'yicha tavsiyalar berish maqsadida respublika bo'ylab ochiq muloqotlar o'tkazilmoqda. Farg'ona viloyatida tashkil etilgan uchrashuvlarda mingdan ziyod yoshlar, talabalar va yosh davlat xizmatchilari qatnashib, o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldilar.
Manba: UzA



