Mo'ynoq tumanidagi ta'lim muassasalarida erishilayotgan natijalar va yangiliklar
Mo'ynoq tumanidagi maktab va bog'chalar xalqaro grantlar jalb etib, ta'lim sifatini oshirmoqda.

Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq tumanida maktabgacha va maktab ta'limi tizimini rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda hududdagi Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limiga qarashli 17 ta umumta'lim maktabi, 18 ta davlat, 2 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi hamda 8 ta oilaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Mazkur tumanda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan bolalar soni 2 ming 525 nafarni tashkil etib, ularni maktabgacha ta'limga qamrab olish ko'rsatkichi 91,9 foizga yetgan.
Xalqaro grantlar va investitsiyalar
Tumandagi ta'lim muassasalari xalqaro grant tanlovlarida faol qatnashib, ta'lim sifatini yaxshilashga erishmoqda. Xususan, 2025-yil davomida tumandagi 4 ta maktab 105 ming dollarlik investitsiya mablag'larini jalb qildi. Jumladan, “Zamin” jamg'armasi ko'magida ta'lim maskanlari toza ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Shuningdek, 3-maktabda YUNISEF ko'magida alohida yordamga muhtoj bolalar uchun maxsus inklyuziv sinflar tashkil etildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida joriy yilda ham qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, BMTning Taraqqiyot dasturi asosida 17-maktabga qiymati 51 million so'mdan ortiq bo'lgan quyosh fotoelektr stansiyasi o'rnatildi.
Fan olimpiadalari g'oliblari
O'quvchilarning bilim darajasi ortib borayotgani fan olimpiadalarining Respublika bosqichidagi natijalarda ham ko'zga tashlanmoqda. Xususan, 17-umumta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisi Akmarjjn Odilboyeva qozoq tili fanidan 2-o'rinni egallagan bo'lsa, yana bir 10-sinf o'quvchisi Nursiluv Bisenboyeva qoraqalpoq (davlat) tili fanidan 3-o'rinni qo'lga kiritdi. Shuningdek, 10-umumta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisi Manzura Quljonova geografiya fanidan faxrli 2-o'rinni egalladi.
Manba: UzA


