Gulistonda 150 o'rinli zamonaviy davlat bog'chasi foydalanishga topshirildi
Guliston shahrida kapital ta'mirdan chiqarilgan 1-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti o'z faoliyatini boshladi.

Guliston shahri Namuna mahallasida joylashgan 1-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti to'liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko'rinishda foydalanishga topshirildi. Asli 1978-yilda qurilgan ushbu bino Sirdaryo viloyati infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan qaror asosida yangilandi. Loyihaning umumiy qiymati 4,6 milliard so'mni tashkil etib, qurilish-ta'mirlash ishlari “Doniyor usta Ali hamkor” MCHJ tomonidan bajarildi. Natijada muassasaning quvvati avvalgi 90 o'rindan 150 o'ringacha kengaytirildi.
Zamonaviy sharoitlar va to'garaklar
Yangilangan maktabgacha ta'lim muassasasida bolajonlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan bo'lib, guruh xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta'minlandi. Shuningdek, o'yin va mashg'ulot maydonchalari tashkil etilib, qulay o'quv-tarbiya muhiti shakllantirildi. Bog'chada jami 5 ta guruh faoliyat yuritmoqda. Bolalarning har tomonlama rivojlanishini ta'minlash maqsadida mental arifmetika va gimnastika kabi zamonaviy mashg'ulotlar, qizlar uchun “Zumradoylar” hamda o'g'il bolalar uchun karate to'garaklari yo'lga qo'yildi.
Pedagogik kadrlar va qamrov
Muassasada jami 13 nafar xodim mehnat qilmoqda va ularning barchasi oliy ma'lumotli pedagog mutaxassislardir. Jumladan, 6 nafar tajribali tarbiyachi bolalar ta'lim-tarbiyasi bilan bevosita shug'ullanmoqda. Muassasa rahbari Yulduz Umirovaning ta'kidlashicha, ilgari bino eskiligi sababli xonalar tor, isitish va jihozlash tizimi talab darajasida bo'lmagan. Yangilanish natijasida keng va yorug' xonalar, zamonaviy mebellar paydo bo'ldi va qo'shimcha bolalarni qamrab olish imkoniyati yaratildi.
Ochilish marosimi
Tantanali ochilish tadbirida Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Mahmud Mamarasulov, mahalla raisi, jamoatchilik faollari hamda ota-onalar ishtirok etdilar. Ishtirokchilar mazkur muassasaning foydalanishga topshirilishi hududda maktabgacha ta'lim qamrovini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladilar.
Manba: UzA

