Maktab maslahatchisi lavozimi uchun saralash sinovlari qanday o'tmoqda
Respublikamiz maktablarida o'quvchilar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlar sinovdan o'tmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi qator normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risidagi qarori hamda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining 2026-yil 8-yanvardagi buyrug'iga asosan, “Kelajak” markazi direktori hamda maktab maslahatchisi lavozimlari uchun test va suhbat jarayonlari tashkil etilmoqda. Ayni paytda Qoraqalpog'iston Respublikasi “Kelajak” markazi tomonidan umumiy o'rta ta'lim muassasalarining maslahatchi lavozimiga nomzodlarni saralash ishlari davom etmoqda.
Tanlov bosqichlari va talabgorlar ko'rsatkichi
Mazkur tanlov shaffoflik va adolat tamoyillariga tayangan holda ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Dastlabki bosqich maxsus platforma orqali onlayn shaklda va real vaqt rejimida o'tkazilyapti. Bunda ishtirokchilarning normativ-huquqiy hujjatlar bo'yicha savodxonligi, kasbiy bilimi, ma'naviy-ma'rifiy faoliyatni tashkil etish hamda yoshlar bilan ishlash ko'nikmalari baholanmoqda. Jarayonda internet tarmog'i, kompyuter va texnik tayyorgarlikning uzluksizligi nazorat qilinmoqda.
Tanlovning ikkinchi mavsum yakunlariga ko'ra, tanlov.uzedu.uz platformasiga mamlakatimizdagi jami 7 ming 641 ta maktab uchun 42 ming 934 ta ariza kelib tushgan. Shundan malaka talablariga javob bergan 38 ming 299 nafar talabgor sinov bosqichiga tavsiya etildi. Xususan, tanlovning birinchi bosqichi Orolbo'yining 14 ta hududida 18-maydan 22-maygacha davom etmoqda. Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha 619 ta maktabga 5 ming 399 nafar fuqaro ariza topshirgan bo'lib, shulardan 5 ming 152 nafari test sinovlarida qatnashmoqda.
Suhbat va apellyatsiya jarayoni
Test sinovlarini muvaffaqiyatli yakunlagan nomzodlar navbatdagi suhbat bosqichiga yo'llanma oladi. Suhbat davomida ishtirokchilarning liderlik salohiyati, tashabbuskorligi, amaliy tajribasi, yoshlar bilan ishlashdagi yondashuvi hamda muammoli vaziyatlarda to'g'ri qaror qabul qilish qobiliyati maxsus komissiya tomonidan baholanadi. Tanlovning adolatli o'tishini ta'minlash maqsadida apellyatsiya mexanizmi ham yo'lga qo'yilgan bo'lib, kelib tushgan murojaatlar qonunchilikka muvofiq ko'rib chiqiladi. “Kelajak” markazi ushbu tanlov vositasida ta'lim muassasalarida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni kuchaytirish, o'quvchilar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash hamda malakali kadrlarni saralab olishni ko'zlagan.
Manba: UzA


