Maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimini rivojlantirishga qaratilgan farmon mazmuni
2026-yil 5-fevralda imzolangan farmon bilan O'zbekistonda maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimini takomillashtirish bo'yicha muhim chora-tadbirlar belgilandi.

Mamlakatimizda inson kapitali rivojini ta'minlashga qaratilgan muhim hujjatlardan biri – 2026-yilning 5-fevralida imzolangan “Maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmon keng jamoatchilik tomonidan qizg'in muhokama qilinmoqda. Mazkur hujjat kelajak avlod tarbiyasiga yo'naltirilgan uzoqni ko'zlagan strategik qadam hisoblanadi.
O'yinga asoslangan ta'lim va majburiy tayyorlov guruhlari
Jahon tajribasi ta'lim tizimining eng hal qiluvchi bosqichi aynan maktabgacha davr ekanini ko'rsatmoqda. Bolaning tafakkuri, ijtimoiy moslashuvi va bilim olishga qiziqishi shu davrda shakllanadi. Shu munosabat bilan farmonda bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berishni ijobiy munosabatlar asosida, ya'ni o'yinga yo'naltirilgan yondashuv orqali amalga oshirish belgilandi. Bu bolaning atrof-muhitni anglash va mustaqil fikrlash ko'nikmalarini rivojlantiradi.
Shuningdek, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta'lim dasturini majburiy umumiy o'rta ta'limning dastlabki bosqichi sifatida kiritish ko'zda tutildi. Bu esa bolalarning maktabga tayyorgarlik darajasini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.
“Yangi avlod” bog'chalari va pedagog kadrlar salohiyati
Hujjatda nazarda tutilgan eng muhim yangiliklardan biri “Yangi avlod” maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'ini tashkil etishdir. Ushbu muassasalar zamonaviy texnologiyalar joriy etiladigan innovatsion markazlar sifatida faoliyat yuritadi. Ularda quyidagi tematik o'yingohlar tashkil etiladi:
- ijod va san'at
- fan va matematika
- jismoniy faollik va sarguzasht
- til va tasavvur
- robototexnika va ilk algoritmlash
Shu bilan birga, yangi tashkil etilayotgan davlat bog'chalariga oliy ma'lumotli va zamonaviy yondashuvlarga ega tarbiyachilarni jalb etish ustuvor vazifa etib belgilandi. Ta'lim jarayoniga dual ta'lim tizimini joriy qilish, pedagogika OTMlarida maktabgacha va boshlang'ich ta'lim yo'nalishlari bo'yicha kadrlar tayyorlashni xalqaro ilg'or tajribalar asosida takomillashtirish ko'zda tutilgan.
Nodavlat sektorini qo'llab-quvvatlash
Farmonda nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog'ini kengaytirishga qaratilgan keng ko'lamli imtiyozlar ham belgilandi. Yer ajratish, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va soliq yengilliklari tadbirkorlarni ushbu sohaga faol jalb etishga imkon beradi. Bu esa qamrovni kengaytiribgina qolmay, sog'lom raqobatni kuchaytiradi va ta'lim xizmatlari sifatini yanada oshiradi. 2030-yilga qadar maktabgacha ta'lim quvvatlarini kengaytirish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirishga yo'naltiriladigan mablag'lar mamlakatimiz taraqqiyotiga qo'shilgan ulkan sarmoya bo'lib xizmat qiladi.
Manba: UzA

