Maktabgacha ta'lim jarayonida bolalarda ijodkorlik va innovatsiyani shakllantirish
Maktabgacha ta'lim bosqichida bolalarning tanqidiy fikrashi, ijodiy qobiliyatlari va innovatsion ko'nikmalarini rivojlantirish muhim poydevor hisoblanadi.

Tezkor texnologik taraqqiyot va global o'zgarishlar davrida ijodkorlik hamda innovatsiya ta'lim tizimining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Maktabgacha ta'lim bosqichida bu sifatlarni shakllantirish bolalarda umr bo'yi davom etadigan o'rganish, qiziquvchanlik va o'ziga ishonch uchun mustahkam poydevor yaratadi. Ijodkorlik yangi g'oyalarni yaratish jarayoni bo'lsa, innovatsiya ularni amaliyotga tatbiq etishdir. O'qituvchining ijodkor yondashuvi bolalar uchun mazmunli hamda jonli o'quv muhitini ta'minlaydi.
Ijodiy jarayon bosqichlari
Bolalarda ijodiy fikrlashni rivojlantirish uchun uning bosqichlarini tushunish muhim sanaladi:
- Tayyorgarlik — mavzu yoki muammoni chuqur o'rganish va axborot to'plash.
- Inkubatsiya — vazifadan vaqtincha chekinib, ong osti fikrlashiga imkoniyat yaratish.
- Insayt — kutilmagan ilhom lahzasi va yangi g'oyaning paydo bo'lishi.
- Tekshirish — g'oyani baholash, takomillashtirish hamda tahlil qilish.
Psixolog Karolin Greguar ta'kidlaganidek, ijodiy jarayon har doim ham to'g'ri chiziqli kechmaydi. V.P.Gleveanu ham bu jarayon tasodifiy kashfiyotlar va qayta topishlar bilan belgili ekanini ta'kidlaydi. Maktabgacha ta'lim guruhlarida musiqiy muhit, rang-barang bezaklar va o'yinlar bolalarning o'zini erkin ifoda etishiga yordam beradi. Masalan, “Sezgilar orqali hikoyalash” deb nomlangan interaktiv usul nutq rivoji bilan birga bolalarning o'ziga ishonchini mustahkamlaydi.
Islohotlar va pedagoglarning roli
Bolalarda ijodkorlikni rivojlantirish uchun pedagogning o'zi ham ijodkor bo'lishi talab etiladi. O'qituvchilar doimiy ravishda malaka oshirishi, yangi metodlarni sinab ko'rishi lozim. Hatto sinf bezagini o'zgartirish yoki loyiha asosida ishlash ham bolalarning faolligiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Bugungi kunda yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta'lim tizimini tubdan yangilash bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. So'nggi yillarda maktabgacha ta'lim muassasalari soni oshirilib, yangi bog'chalar qurildi va mavjudlari rekonstruksiya qilindi. Ta'lim jarayoniga zamonaviy darsliklar, raqamli texnologiyalar, STEAM va o'yin asosidagi metodlar joriy etilmoqda. Pedagoglar uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimi takomillashtirilib, ularning innovatsion faoliyatini qo'llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratilmoqda. Mariya Montessori aytganidek, bola o'z ongini atrof-muhit orqali yaratadi.
Manba: UzA

