Maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish bo'yicha yangi chora-tadbirlar belgilendi
Prezident maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirish va qamrovni oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni maktabgacha ta'lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Mamlakatimizda olib borilgan islohotlar natijasida maktabgacha ta'lim bilan qamrov 78 foizga yetdi. Shunga qaramay, qamrovni 80 foizga yetkazish uchun yangi bog'cha o'rinlarini yaratish talab etilmoqda, 39 ta tuman va shaharda esa bu ko'rsatkich 70 foizdan pastligicha qolmoqda. Shuningdek, davlat bog'chalarida pedagoglarning 61 foizi, nodavlat sektorida esa 76 foizi o'rta maxsus ma'lumotga egaligi kadrlar salohiyatini oshirish zarurligini ko'rsatmoqda.
Ta'lim jarayoni va kadrlar tayyorlashdagi o'zgarishlar
Taqdimotda sohani yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha qator chora-tadbirlar muhokama qilindi. Jumladan, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta'lim dasturi majburiy umumiy o'rta ta'limning dastlabki bosqichi sifatida joriy etiladi. Tizimda o'yinga asoslangan ta'lim modeli yo'lga qo'yilib, o'quv muhiti ilg'or xorijiy tajribalar asosida yangilanadi.
Shuningdek, 2026-2028 yillarda har bir hududda 120 o'rinli "Yangi avlod" davlat bog'chalari hamda ularning tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etiladi. Ushbu bog'chalarning rahbar va pedagog xodimlariga tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida har oylik ustama to'lanadi. Nodavlat ta'lim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida 2026-2027 o'quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta'lim tashkilotlarida tegishli ta'lim dasturlari xalqaro tajribalarga moslashtiriladi. Amalda ishlab kelayotgan o'rta maxsus ma'lumotli pedagoglar uchun dual ta'lim ("5+1") asosida bakalavrlar tayyorlash tizimi yo'lga qo'yiladi. 2027-2028 o'quv yilidan boshlab esa maktabga tayyorlov guruhlarida o'qigan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat berilib, bu ma'lumotlar shahodatnomada qayd etilishi ko'zda tutilmoqda.
Xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash imtiyozlari
Qamrov darajasi 80 foizdan past bo'lgan tuman va shaharlarda (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar joriy etiladi. Maktab va bog'chalar hududidagi bo'sh yerlarda davlat-xususiy sheriklik asosida bog'cha tashkil etilganda, ijara to'lovlari 30 yilgacha undirilmaydi. Har bir tarbiyalanuvchi uchun davlat bog'chalaridagi bir bolaga to'g'ri keladigan xarajatning 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Quvvati kamida 150 o'rinli nodavlat bog'chalar tashkil etilsa, 7 yilgacha muddatga 5 milliard so'mgacha imtiyozli kreditlar beriladi hamda tarbiyachilarning oylik ish haqi xarajatlari uch yil davomida qoplab beriladi. Shuningdek, 2030 yil 1 yanvarga qadar quvvati 150 o'rindan kam bo'lmagan nodavlat bog'chalar ochgan tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi bo'yicha yengilliklar belgilanadi.
Manba: UzA

