Maktabgacha va maktab taīlimi vazirligi erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalarni e'lon qildi
Abdulla Avloniy nomidagi institutda o'tkazilgan matbuot anjumanida sohada qilingan ishlar va kelgusi rejalar ma'lum qilindi.

Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Tadbirda mamlakatimiz ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari taqdim etildi.
Infratuzilma va qamrov ko'rsatkichlari
Ma'lum qilinishicha, 2016-yildan buyon respublika miqyosida 304 ta yangi maktab foydalanishga topshirilib, 3 598 tasi rekonstruksiya qilindi va 1 955 tasi ta'mirlandi. Shuningdek, 625 ta yangi bog'cha qurilib, 2 522 tasi rekonstruksiya qilindi va 759 tasi ta'mirdan chiqarildi. Natijada maktabgacha ta'lim qamrovi 2016-yildagi 27,7 foizdan bugungi kunda 78 foizga oshdi, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash ko'rsatkichi esa qariyb 98 foizga yetdi.
Olis hududlardagi bolalarni qamrab olishga qaratilgan "Aqlvoy" loyihasi doirasida 216 ta mahallada 648 ta ko'chma guruh faoliyati yo'lga qo'yilib, 10 mingdan ziyod bola ta'limga jalb etildi. Yil yakuniga qadar yana 1 500 dan ortiq xususiy bog'cha, 49 ta ilk rivojlanish markazi hamda 485 ta tayyorlov guruhi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Hozirgi kunda sohaga yo'naltirilgan xalqaro loyihalar qiymati 400 million dollardan oshadi.
O'qituvchilar malakasi va rag'batlantirish
Pedagoglar uchun uzluksiz kasbiy rivojlanish tizimi doirasida “Kasbiy rivojlanish kuni” hamda “Metodik mahorat soati” amaliyotga tatbiq etildi. Faqat 2025-yilning o'zida 183 nafar o'qituvchi Germaniya, Singapur va Fransiya kabi davlatlarda malakasini oshirib qaytdi. So'nggi o'n yilda pedagoglarning bazaviy maoshi qariyb 3 barobarga ko'tarilib, hozirda 5,1 million so'mdan oshdi, ayrim ilg'or o'qituvchilar esa 10-20 million so'mgacha oylik olmoqda.
O'quvchilar yutuqlari va kasbiy ta'lim
O'zbekistonlik o'quvchilar xalqaro fan olimpiadalarida so'nggi 6 yilda jami 276 ta medalni qo'lga kiritdi, ulardan 27 tasi joriy yil hisobiga to'g'ri keladi. Qolaversa, 2026-yilda mamlakatimiz ilk bor Xalqaro kimyo va Xalqaro informatika olimpiadalariga mezbonlik qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, o'quvchilarni kasb-hunarga yo'naltirish maqsadida 400 ta maktabda kasbga o'qitish joriy etildi. Endilikda maktab bitiruvchilari o'zlashtirgan kasbi bo'yicha mustaqil ishlash huquqini beruvchi maxsus sertifikatga ega bo'lishadi.
Manba: UzA

