Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri pedagoglarga qattiq talab qo'ydi
Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova tizim xodimlariga murojaat yo'llab, bolalarga hurmat bilan munosabatda bo'lishni talab qildi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zoza Karimova ta'lim muassasalari xodimlariga maxsus murojaat bilan chiqdi. Murojaatnomada o'quvchilarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini hurmat qilish, shuningdek, ularning ruhiy holatini ehtiyotkorlik bilan asrash tizim xodimlarining asosiy kasbiy shioriga aylanishi lozimligi alohida ta'kidlandi.
Pedagogik etika va kasbiy madaniyat
Vazir o'qituvchi va xodimlardan har qanday noo'rin xatti-harakat, loqaydlik hamda beparvolikning oldini olishni talab qildi. Shuningdek, pedagogik etika me'yorlariga qat'iy amal qilish va yuksak kasbiy madaniyatni namoyon etish zarurligi uqtirildi. Ta'lim muassasalarida sog'lom, insonparvar va ijobiy muhitni ta'minlash, bolalarning manfaatlarini ishonchli himoya qilish barcha xodimlar uchun muhim vazifa ekani ko'rsatib o'tildi.
Shaxsiy javobgarlik va mas'uliyat
Murojaatnomada har bir vaziyatda amaldagi qonunchilik, ichki tartib-qoidalar hamda kasbiy etika talablariga to'liq amal qilinishi shartligi qayd etildi. Mazkur masalada loqaydlikka mutlaqo yo'l qo'yilmasligi va har bir xodim o'z faoliyati natijalari uchun shaxsan javobgar ekanligini chuqur anglab yetishi zarurligi bildirildi. Rahbar sifatida xodimlardan yuksak mas'uliyat, doimiy hushyorlik va fidoyilik kutilishi ta'kidlandi.
Manba: Kun.uz


