Toshkent shahridagi Gubkin universitetida fan olimpiadasi boshlandi
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida 10-11-sinf o'quvchilari uchun fan olimpiadasi o'tkazilmoqda.

Maktab va oliy o'quv yurtlari o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarning ilm-fanga qiziqishini oshirish hamda muhandislik yo'nalishiga kadrlar tayyorlashni takomillashtirish maqsadida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida o'quvchilar uchun “Gubkin fan olimpiadasi – 2026” tashkil etildi. Mazkur musobaqa yoshlarning ijodiy va ilmiy salohiyatini aniqlash hamda pedagoglarni iqtidorli o'quvchilar bilan ishlashga jalb etishga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar va qamrov ko'lami
Joriy yilda o'tkazilayotgan olimpiadada mamlakatimizning turli hududlaridan 200 ta maktab, 19 ta litsey va 17 ta kollejdan jami 1320 nafar iqtidorli o'quvchi “Rus tili” va “Matematika” fanlaridan o'z bilimini sinovdan o'tkazmoqda. Har bir fan bo'yicha 1100 dan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilgan. Ota-onalar va o'quvchilarning murojaatlarini inobatga olgan holda, II Gubkin fan olimpiadasi ikkita hududda – Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyati yoshlari uchun Nukus davlat pedagogika institutida hamda Toshkent shahri va boshqa hududlar ishtirokchilari uchun Toshkent shahridagi filial binosida bir vaqtning o'zida o'tkazilmoqda.
Eslatib o'tamiz, o'tgan yili o'tkazilgan 1-Gubkin fan olimpiadasida 840 nafar o'quvchi qatnashib, ulardan 9 nafari g'olib, 174 nafari sovrindor bo'lgan edi. Hozirda ushbu g'olib va sovrindorlarning bir qismi filialda davlat granti asosida tahsil olmoqda, shuningdek, ular talabalar turar joyi to'lovlaridan ham ozod qilingan.
Imtiyozlar va sertifikatlar
Nizomga ko'ra, olimpiada g'oliblari va sovrindorlariga Rossiyadagi I.M.Gubkin nomidagi universitetning sertifikatlari beriladi. Bu hujjat ularga Toshkent shahridagi filialga kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida talaba bo'lish imkonini taqdim etadi. Shuningdek, g'olib bo'la olmagan, biroq tegishli fanlardan kamida 40 ball to'plagan ishtirokchilarning natijalari kirish imtihonlari ballari sifatida hisobga olinishi mumkin.
“Rus tili” fani bo'yicha olimpiadaning ochilish marosimi 2026-yil 11-aprel kuni bo'lib o'tdi. Unda Maktabgacha va maktab ta'lim vazirligi, oliy o'quv yurti mas'ullari, maktab direktorlari hamda ota-onalar qatnashdi.
Manba: UzA



