Metodik marafon va xalqaro tadqiqotlar: Ta'lim markazining yarim yillik natijalari
2026-yilning birinchi yarmida 343 mingdan ortiq pedagog 'Metodik marafon'da qatnashdi.

Ta'lim mazmuni va me'yoriy hujjatlar
Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida 2026-yilning birinchi yarim yilligida ta'lim sifati va mazmunini yaxshilash, sohani raqamlashtirish hamda o'qituvchilarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ishlar bajarildi. Hisobot davrida ta'lim tizimining me'yoriy-huquqiy bazasini mustahkamlash yuzasidan 7 ta hujjat loyihasi, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2 ta qarori loyihasi tayyorlandi. Shuningdek, 'Ta'limda sun'iy intellektni rivojlantirish konsepsiyasi', 'Yagona ta'lim ekotizimi' va umumiy o'rta ta'limda baholash tizimini rivojlantirish konsepsiyalari bo'yicha loyihalar ishlab chiqildi.
Matematika, tabiiy fanlar, kimyo, informatika va musiqa fanlari bo'yicha davlat ta'lim standartlari hamda dasturlari loyihalari tuzildi. 60 dan ziyod darslik va o'quv-metodik majmualar muhokamadan o'tkazilib, 210 ta metodik tavsiya va dars ishlanmasi amaliyotga kiritildi. Boshlang'ich sinflar uchun PIRLS xalqaro tadqiqoti formatida 8 ta mashq daftari yaratildi. 10-11-sinf o'quvchilarining STEM ta'limiga qiziqishini oshirishga qaratilgan 'STEM Bus' loyihasi yuzasidan takliflar tayyorlandi.
Pedagoglarni qo'llab-quvvatlash va raqamli loyihalar
Maktabgacha ta'lim uchun 'O'zbek tili' interfaol platformasi va 'O'quv-metodik faoliyatga oid atamalar lug'ati' elektron tizimi ishga tushirildi. O'qituvchilar va o'quvchilar uchun 52 ta videodars, 300 ta illyustratsiya va animatsion materiallar tayyorlandi.
2026-yilning yanvar va iyun oylarida tashkil etilgan 'Metodik marafon' tadbirlarida respublika bo'yicha 343 ming nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. Ular uchun 4 ming 600 dan ortiq mahorat darsi o'tkazildi. 'Kasbiy rivojlanish soati' va 'Kasbiy rivojlanish kuni' doirasidagi 12 ta 'Meetup' uchrashuvida 5 ming 200 nafardan ziyod o'qituvchi qamrab olindi. Yanvar-aprel oylarida maktabgacha, umumiy o'rta va kasbiy ta'lim tashkilotlari psixologlari uchun o'quv-seminarlar tashkil etilib, 848 nafar psixolog trener sifatida tayyorlandi.
Xalqaro tadqiqotlar va hamkorlik
2026-yilning aprel-may oylarida respublikaning 14 hududidagi 164 ta maktabda PIRLS 2026 xalqaro tadqiqotining asosiy sinov bosqichi o'tkazildi. May oyida esa 27 ta maktabda TIMSS 2027 tadqiqotining tajriba-sinov jarayonlari tashkil etildi. IBRO-2025 olimpiadasi matematika fani natijalari tahlil qilindi.
Elektron platforma orqali fuqarolarning o'zbek tilini bilish darajasi hamda ta'limda sun'iy intellektdan foydalanish masalalariga bag'ishlangan, 14 ming 100 nafardan ortiq ishtirokchini qamrab olgan ijtimoiy so'rovnomalar o'tkazildi. Shuningdek, UNICEF, Qozog'istonning 'O'rleu' markazi, Koreyaning Kookmin universiteti bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash ishlari bajarildi.
Manba: UzA


