Milliy tarbiya jarayonlarini tashkil etishning institutsional modellari muhokama qilindi
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida milliy tarbiya jarayonlarini tashkil etish va boshqarish mexanizmlariga bag'ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya o'tkazildi.

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida milliy tarbiya jarayonlarini tashkil etishning institutsional modellari va boshqaruv mexanizmlariga bag'ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo'lib o'tdi. Mazkur tadbirda 100 nafardan ortiq olimlar, professor-o'qituvchilar, tadqiqotchilar, doktorantlar, pedagoglar hamda soha mutaxassislari qatnashdi.
Tarbiya jarayonining zamonaviy modellari
Tadbir davomida yosh avlodda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, tarbiya jarayonlarini boshqarish hamda ta'lim muassasalari, oila, mahalla, davlat va nodavlat tashkilotlari o'rtasidagi hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Anjumanda milliy tarbiyani uyushtirishning markazlashgan, hamkorlikka asoslangan, mahalliy-jamoaviy hamda aralash modellari tahlil qilindi. Xususan, davlat boshqaruvi, mahalla institutining ijtimoiy-tarbiyaviy salohiyati va fuqarolik jamiyati institutlari imkoniyatlarini uyg'unlashtirishga asoslangan aralash model O'zbekiston sharoitida istiqbolli yondashuv sifatida ko'rib chiqildi.
Shuningdek, milliy tarbiya jarayonini boshqarishning tashkiliy-huquqiy, moliyaviy-iqtisodiy, pedagogik-metodik, ijtimoiy sheriklik hamda monitoring va baholash mexanizmlari yuzasidan takliflar ilgari surildi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya va Finlyandiyadagi milliy tarbiya va ta'lim jarayonlarini tashkil etish tajribasi qiyosiy jihatdan o'rganilib, xorijiy tajribani to'g'ridan-to'g'ri ko'chirish emas, balki uning samarali jihatlarini O'zbekistonning milliy va ijtimoiy sharoitlariga moslashtirish zarurligi qayd etildi.
Samaradorlik mezonlari va tavsiyalar
Konferensiya doirasida milliy tarbiya samaradorligini baholash mezonlari ham muhokama qilindi. Bunda yoshlarning milliy qadriyatlar, tarix va an'analar bo'yicha bilimlari, qadriyatlarga munosabat, ijtimoiy faollik hamda oila, ta'lim muassasasi va mahalla kabi institutlar o'rtasidagi hamkorlik darajasini baholash taklif etildi. Tadbir yakunida milliy tarbiya jarayonlarini yanada takomillashtirish, ta'lim muassasalari, oila va mahalla hamkorligini kuchaytirish, pedagog kadrlar malakasini oshirish, shuningdek, raqamli texnologiyalardan tarbiyaviy maqsadlarda samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi ta'kidlandi.
Manba: UzA


