O'zbekistonda yoshlarda tanqidiy va mustaqil fikrlashni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida fikr tarbiyasiga bag'ishlangan Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo'lib o'tdi.

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida “Fikr tarbiyasiga oid tarixiy hamda innovatsion yondashuvlar, mahsuldor strategiyalardan pedagogik amaliyotda foydalanish mexanizmlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o'tkazildi.
Tadbir davomida fikr tarbiyasining metodologik va nazariy asoslari, ilg'or xorijiy hamda milliy pedagogik tajribalar, shuningdek, zamonaviy ta'limda innovatsiyalarni qo'llash masalalari atroflicha muhokama etildi. Anjumanning asosiy maqsadlaridan biri tarixiy tajribalarni o'rganish, zamonaviy pedagogik modellarni ilmiy jihatdan tahlil qilish va ularni uzluksiz ta'lim tizimiga joriy etish yuzasidan ilmiy-metodik tavsiyalar tayyorlashdan iborat bo'ldi.
Fikr tarbiyasi va zamonaviy pedagogik yondashuvlar
Tadbir ishtirokchilari yosh avlodda mantiqiy xulosa chiqarish, mustaqil va tanqidiy fikrlash, ijodiy yondashish hamda tahlil qilish ko'nikmalarini oshirishning samarali usullarini ko'rib chiqdilar. Ta'lim oluvchilarni muammoli vaziyatlarni tahlil qilishga o'rgatish, mustaqil qaror qabul qilish, o'z fikrini dalillar bilan asoslash va kreativ tafakkurni rivojlantirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Amaliyotga tatbiq etish yo'nalishlari
Anjumanda fikr tarbiyasiga doir nazariy qarashlarni amaliyotga joriy etish, zamonaviy ta'lim texnologiyalarini qo'llash hamda uzluksiz ta'lim muassasalaridagi mavjud muammolarni aniqlab, ularga ilmiy yechimlar topish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, umumiy o'rta ta'lim maktablari o'quvchilarida tahliliy, kreativ, tanqidiy, mustaqil va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini shakllantirishga qaratilgan metodik yondashuvlar muhim yo'nalish sifatida qayd etildi.
Manba: UzA


