Musiqa va san'at maktablarini jihozlash hamda ta'lim sifati muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bolalar musiqa va san'at maktablaridagi ta'lim sifati va moddiy-texnika ta'minoti ko'rib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar Madaniyat vaziri O.Nazarbekovning bolalar musiqa, san'at va ixtisoslashtirilgan maktablaridagi ta'lim sifatini oshirish hamda ularni zarur jihozlar bilan ta'minlash holati yuzasidan yo'llagan parlament so'roviga javobini muhokama qilishdi.
Sohadagi muassasalar va hududlardagi ishlar
Bugungi kunda mamlakatimizda madaniyat va san'at yo'nalishida 8 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat, 22 ta bolalar musiqa va san'at maktabi, shuningdek, malaka oshirish markazi va ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat yuritmoqda. Shunga qaramay, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, musiqa cholg'ulari hamda o'quv adabiyotlari bilan ta'minlash, tor ixtisosliklar bo'yicha pedagog kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish masalalari dolzarb bo'lib qolmoqda.
Hududlarda bu yo'nalishda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Buxoro, Qarshi va Urganch shaharlarida ixtisoslashtirilgan boshlang'ich raqs san'ati maktab-internatlari faoliyati yo'lga qo'yildi. Urganchdagi muassasa binosi rekonstruksiya qilinib, zarur jihozlar bilan ta'minlanmoqda, Namangandagi maktab-internat binosi bo'yicha esa loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Kelgusida 2027–2029-yillarda Qarshidagi maktab-internat o'quv binosi qurilishiga 5 milliard so'm, Buxorodagi ixtisoslashtirilgan san'at maktabi va yotoqxonasi qurilishiga 7 milliard so'm, Namangandagi muassasani kapital ta'mirlash bo'yicha loyiha-qidiruv ishlariga 500 million so'm yo'naltirilishi belgilangan.
Cholg'u asboblari va adabiyotlar ta'minoti
Deputatlar ta'lim muassasalarining musiqa cholg'ulari bilan ta'minlanganlik darajasiga alohida e'tibor qaratdi. Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, 2025/2026 o'quv yili yakuni bo'yicha o'tkazilgan xatlov natijasida bolalar musiqa va san'at maktablaridagi 1 ming 229 ta milliy va 1 ming 483 ta Yevropa musiqa cholg'usi eskirgani yoki yaroqsiz holga kelgani aniqlangan. Ayni paytda muassasalarda jami 9 ming 779 ta musiqa cholg'usiga ehtiyoj mavjud bo'lib, ularni xarid qilish uchun 115,9 milliard so'm talab etiladi.
Ushbu ehtiyojni bosqichma-bosqich qoplash maqsadida 2023-2025-yillarda 5,7 milliard so'm mablag' evaziga 4 ming 789 ta milliy musiqa cholg'usi sotib olingan. 2026-yilda esa 27 ta maktabga 71 ta fortepiano yetkazib berildi. Shuningdek, 6,4 milliard so'm evaziga 19 nomdagi 158 ming nusxa o'quv adabiyotlari va nota to'plamlari tarqatilgan.
Pedagoglarni rag'batlantirish va raqamlashtirish
San'at ta'limi sifatini oshirishda o'qituvchilarning kasbiy mahorati muhim rol o'ynaydi. Shu maqsadda olis hududlarga malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda pedagoglarni moddiy rag'batlantirish choralari ko'rilmoqda. Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq, nufuzli tanlovlar g'oliblarini tayyorlagan pedagoglarga bir yil davomida 100 foizgacha, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab esa o'quvchilarning ijrochilik darajasidan kelib chiqib har oyda 20 foizgacha ustama to'lash belgilangan. Qolaversa, pedagoglar mehnatiga haq to'lash miqdorlarini umumiy o'rta ta'lim muassasalari pedagoglari darajasiga tenglashtirish ko'zda tutilgan.
Malaka oshirish yo'nalishida ham ijobiy natijalarga erishilib, 2025-yilda 1 ming 63 nafar, 2026-yil avgust holatiga ko'ra 703 nafar pedagog malaka oshirish kurslaridan o'tgan. 2025-2026-yillarda attestatsiya natijalariga ko'ra 5 ming 680 nafar pedagogning malaka toifasi oshirildi.
Boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish doirasida “Madaniyat ERP” axborot tizimi ishga tushirildi. Mazkur tizim o'quvchilarni qabul qilish, ularni sinf va guruhlarga taqsimlash, pedagoglarga biriktirish, o'quv yuklamalari hamda kadrlarga oid ma'lumotlarni elektron shaklda yuritish imkonini beradi.
Manba: UzA


