Toshkentdagi maktabda o'quvchining temir bilaguzuk yutib yuborgani yuzasidan o'rganish boshlandi
Toshkent shahridagi maktabda 3-sinf o'quvchisi temir bilaguzukni yutib yuborgani va og'ir operatsiyani boshdan kechirgani yuzasidan tekshiruv olib borilmoqda.
Toshkent shahridagi 151-maktabda 3-sinf o'quvchisi bilan bog'liq favqulodda holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Ma'lum qilinishicha, o'quvchi hojatxonaga chiqqan vaqtda yuqori sinf o'quvchilari tomonidan temir bilaguzuk yutishga majburlangani aytilmoqda. Mazkur voqea oqibatida bola og'ir jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan hamda besh santimetr ichagi olib tashlangan.
Maktab direktori Sevara Zufarovaning so'zlariga ko'ra, holat 3-sentabr kuni taxminan 12:30 larda sodir bo'lgan. O'quvchi dars vaqtida o'qituvchisidan hojatxonaga chiqishga ruxsat so'ragan va oradan o'n daqiqa o'tmasdan sinfga qaytib kelgan. Shundan keyingi darslarda ham, jumladan matematika darsida faol qatnashib, vazifalarni bajargan. Keyingi kuni, 4-sentabrda ham o'quvchi darsga kelgan va uning kayfiyatida tushkunlik sezilmagan. Sinfdoshlari hamda sinf rahbari ham hech qanday noxush holatdan xabardor bo'lmagan.
Tergov va o'rganish jarayoni
Direktorning ta'kidlashicha, mazkur ishni kim sodir etgani hozircha aniq emas. Yuqori sinf o'quvchilari tomonidan qilingani haqidagi taxminlar bolaning onasiga aytgan ma'lumotlariga asoslanadi. Shuningdek, maktabda yangi to'rt qavatli bino qurib bitkazilib, 2-sentabr kuni boshlang'ich sinf o'quvchilari qabul qilingani, bu binoda faqat 1-4-sinflar o'qishi va yuqori sinf o'quvchilarining u yerga o'tish imkoni yo'qligi bildirildi.
Mazkur vaziyat yuzasidan maktabda psixologlar o'quvchilar bilan ish olib bormoqda. Shifokorlarning ma'lum qilishicha, operatsiyadan keyin bemorning ahvoli og'oligicha qolmoqda, biroq yaxshilanishi kutilmoqda. Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so'ng ma'lum bo'lgan va direktor ota-onalarni yanada e'tiborli bo'lishga chaqirgan.
Manba: Kun.uz


