Namangan maktablarida o'quvchilarni tarbiyalash uchun Yaponiya tajribasi joriy etilmoqda
Namangan viloyatidagi 17 ta umumta'lim maktabining boshlang'ich sinflarida sinov tariqasida "Yaponiya tajribasi" tatbiq etilmoqda.

Yosh avlodni aqlan barkamol, ruhan tetik va tarbiyaviy jihatdan yetuk qilib voyaga yetkazish maqsadida Namangan viloyatidagi 17 ta umumta'lim maktabida sinov tariqasida Yaponiya tajribasi tatbiq etilmoqda. Mazkur tashabbus boshlang'ich sinflarni qamrab olib, hozirda jami 95 ta sinfda amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda bolalar orasida uchrayotgan intizomning sustligi, mas'uliyatsizlik, telefonga haddan tashqari bog'lanish, befarqlik hamda tarbiyaviy bo'shliqlarga yechim sifatida ushbu tajriba muhim ahamiyat kasb etadi. O'quvchilarda bunday ko'nikmalar aynan 7-9 yosh oralig'ida shakllanishi inobatga olinib, tartib-qoidalar boshlang'ich sinflardan boshlab yo'lga qo'yildi. Tajriba doirasida o'quvchilar sinf xonasiga kirganda o'ziga biriktirilgan javonga kiyimlarini tartibli joylaydi, ovqatlanish vaqtida faqat shaxsiy idishlardan foydalanadi hamda sinf xonasini toza saqlashga o'zlari mas'ul bo'ladilar. Bu kabi amaliyotlar bolalarda mustaqillik, intizom va jamoa oldida mas'uliyat hissini kuchaytiradi.
Yaponiyalik mutaxassislar jalb etildi
Namangan viloyati hokimi va senator Shavkat Abdurazzoqov Namangan shahridagi 27-sonli umumta'lim maktabida bo'lib, bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Ushbu ta'lim muassasasida kunchiqar o'lka metodologiyasi asosida o'nta sinf faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, jarayonni samarali tashkil etish maqsadida yaponiyalik mutaxassislar ham jalb qilingan.
Viloyat rahbari mazkur mas'uliyatli jarayonga yuzaki yondashmaslik kerakligini ta'kidlab, Abdulla Avloniyning tarbiya haqidagi teran o'gitlarini eslatib o'tdi. Yangi uslub asosida nafaqat o'quvchilarning tarbiyasi yaxshilanadi, balki umumiy maktab muhiti ijobiy tomonga o'zgarib, bolalarning ilm olishga bo'lgan intilishi yanada ortadi.
Manba: UzA


