Namangandagi xususiy maktabning xalqaro hamkorlik va ta'lim aloqalari kengaymoqda
Namangan viloyatidagi xususiy maktab xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirib, yangi xalqaro loyihalarni amalga oshirmoqda.

Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi "Istiqbol Zamon Bolalari" xususiy maktabida bugungi kunda jami 542 nafar o'quvchi ta'lim olmoqda. Mazkur ta'lim muassasasida o'quvchilarning zamonaviy bilimlarni egallashi, xorijiy tillarni chuqur o'rganishi hamda intellektual salohiyatini yuksaltirishi yo'lida barcha zarur sharoitlar muhayyo qilingan.
Xalqaro aloqalar va qo'shma loyihalar
Maktabda fan va ijodiy to'garaklar faoliyatiga, sport mashg'ulotlariga hamda xorijiy tillarni o'qitishga alohida e'tibor qaratiladi. Shuningdek, xalqaro ta'lim loyihalarida faol ishtirok etish orqali o'quvchilarning bilim va amaliy ko'nikmalarini mustahkamlashga alohida intilinmoqda. Jumladan, Janubiy Koreya ta'lim muassasasi bilan o'zaro hamkorlik memorandumi imzolangan bo'lib, bu kelishuv o'quvchilar almashinuvini yo'lga qo'yish, ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganish hamda qo'shma ta'lim loyihalarini hayotga tatbiq etishni ko'zda tutadi.
Yangi studiyalar va kengayayotgan hamkorlik
Ta'lim dargohida xalqaro grant asosida qizlar uchun "WESP" pazandachilik mahorati studiyasi ochildi. Ushbu loyiha o'quvchilarning amaliy ko'nikmalarini shakllantirish, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish va ularning kasb-hunarga bo'lgan qiziqishini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, mazkur maktab Belarus, Rossiya va Germaniyadagi ta'lim muassasalari, shuningdek, Buyuk Britaniya hamda Yaponiyadagi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirib bormoqda. Bunday tashabbuslar o'quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish, ilg'or xalqaro tajribalarni ta'lim jarayoniga tatbiq etish hamda yoshlarni kelgusidagi ta'lim va kasbiy faoliyatga puxta tayyorlashga xizmat qiladi.
Manba: UzA


