Navoiy viloyati maktablarida ta'lim sifati va sertifikatlar soni keskin oshdi
Navoiy viloyatida joriy o'quv yili yakunlariga ko'ra o'quvchilarning muddatidan oldin talaba bo'lishi, xalqaro OTMlarga kirishi va sertifikatlar soni ortdi.

Navoiy viloyati umumta'lim maktablarida o'quvchilarning bilim darajasi, fanlarni o'zlashtirishi hamda oliy ta'limga tayyorgarlik ko'rsatish ko'rsatkichlari sezilarli darajada o'sdi. Viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi sho'ba boshlig'i Sayohat Qo'ziyevaning ma'lumotlariga ko'ra, bu borada tizimli ishlar o'z samarasini bermoqda.
Oliy ta'limga muddatidan oldin erishganlar va xalqaro OTMlar
Oliy ta'lim muassasalariga grant asosida muddatidan oldin talaba bo'lgan bitiruvchilar soni ortib bormoqda. O'tgan o'quv yili yakunlariga ko'ra 321 nafar bitiruvchi shunday baxtga muyassar bo'lgan bo'lsa, joriy yilda ularning soni 484 nafarga yetdi. Bu ko'rsatkich bir yil ichida 163 nafarga yoki qariyb 51 foizga oshganini ko'rsatadi. Shuningdek, dunyoning TOP-500 talik nufuzli oliy ta'lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilar soni ham o'tgan o'quv yilidagi 17 nafardan joriy yilda 40 nafarga yetkazildi.
Sertifikatlar va sifat ko'rsatkichlari
Ta'lim sifatini baholashda milliy va xalqaro sertifikatlarni qo'lga kiritish muhim mezonlardan biriga aylandi. O'tgan o'quv yilida 10-11-sinf o'quvchilari tomonidan 6 ming 349 ta sertifikat olingan bo'lsa, joriy o'quv yili yakuniga ko'ra ularning soni 14,5 mingtani tashkil etdi. Sertifikatlar sonining qariyb ikki yarim barobarga oshishi o'quvchilarning o'z ustida ishlashga intilishi, yaratilgan sharoitlar va pedagoglarning mehnati natijasidir. Viloyat ta'lim tizimidagi bu o'sish kelajakda raqobatbardosh avlodni tarbiyalashda mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi.
Manba: UzA


