Nodavlat ta'lim tashkilotlari qonunbuzilish xavfi darajasiga qarab baholanadi
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi nodavlat ta'lim muassasalarini qonunbuzilish xavfi bo'yicha baholash tartibini belgilovchi loyihani ishlab chiqdi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan tayyorlangan yangi nizom loyihasiga asosan, nodavlat ta'lim muassasalarida qonunbuzilish xavfini o'rganish maxsus elektron tizim yordamida bajariladi. Mazkur jarayonda tadbirkorlik subektlaridan ortiqcha hujjatlar yoki ma'lumotlarni so'rab olish qat'iyan taqiqlanadi.
Xavf darajasini aniqlash mezoni va toifalar
Qonunbuzilish xavfi darajasi bir nechta manbalar, jumladan, litsenziya va tasdiqnoma ma'lumotlari, statistik ko'rsatkichlar, jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari ma'lumotlari asosida tahlil qilinadi. Baholash yakunlariga ko'ra ta'lim muassasalari uchta guruhga bo'linadi:
- Yuqori xavf toifasi: 81 ball va undan yuqori natija qayd etganlar;
- O'rta xavf toifasi: 61 balldan 80 ballgacha to'plaganlar;
- Past xavf toifasi: 60 ball va undan past ko'rsatkichga ega bo'lganlar.
Profilaktika choralari va tekshiruvlar
Faoliyati yuqori yoki o'rta xavfli deb topilgan muassasalarda qonunbuzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi. Tekshiruvlar tashabbusi esa asosan profilaktika choralari o'z samarasini bermagan vaziyatlardagina ko'rib chiqiladi. Shunga qaramay, insonlar hayoti va sog'ligiga xavf tug'ilganda, jamoat xavfsizligiga tahdid yuzaga kelganda yoki qonunchilikda ko'rsatilgan boshqa holatlarda profilaktika tadbirlarisiz ham tekshiruvlar o'tkazilishiga ruxsat etiladi. Tizimning asosiy vazifasi jazo choralarini qo'llash emas, balki huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishdan iborat bo'lib, tahlil natijalari o'z-o'zidan jazo qo'llash uchun asos bo'lolmaydi.
Manba: Kun.uz



