Navoiy viloyatida variativ ta'lim qamrovi sezilarli darajada kengaydi
Navoiy viloyatidagi maktablarda o'quvchilarning qiziqishlariga moslashtirilgan variativ sinflar soni va ularning qamrovi bir necha barobarga oshdi.

Mamlakatimizda yoshlarga zamonaviy bilim berish hamda ularning shaxsiy qobiliyatlarini ro'yobga chiqarish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Navoiy viloyatida ham o'quvchilarning individual qiziqishlari va kasbiy maqsadlarini inobatga olgan holda ta'lim berish jarayonlari rivojlanmoqda.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasining qayd etishicha, variativ ta'lim o'quvchilarga o'z qiziqishlari bo'yicha chuqurroq bilim olish imkonini taqdim etadi. O'tgan 2025-2026 o'quv yilida viloyat bo'yicha 18 ta maktabda 36 ta variativ sinf tashkil etilib, ularda 1 012 nafar o'quvchi tahsil olgan bo'lsa, joriy o'quv yilida ko'rsatkichlar keskin oshdi. Hozirda 33 ta maktabda 114 ta variativ sinf faoliyat yuritib, ularga 3 261 nafar o'quvchi qamrab olingan. Natijada bir yil ichida variativ sinflar va o'quvchilar qamrovi 3,2 barobarga, maktablar soni esa 1,8 barobarga ko'paydi. Shuningdek, mazkur ta'lim yo'nalishlari ham kengaytirilib, ularning soni 7 tadan 11 taga yetkazildi.
Yo'nalishlar va tillar kesimidagi ko'rsatkichlar
Bugungi kunda o'quvchilar eng ko'p qiziqayotgan yo'nalishlar sirasiga moliya-iqtisod, muhandislik (texnologiya) hamda tabiiy fanlar kiradi. Jumladan:
- 35 ta sinf moliya-iqtisod yo'nalishida;
- 21 ta sinf muhandislik (texnologiya) yo'nalishida;
- 18 ta sinf tabiiy fanlar yo'nalishida tashkil etilgan.
Shuningdek, viloyatdagi variativ sinflarning ta'lim tili bo'yicha taqsimoti ham turlicha bo'lib, ularning 90 tasi o'zbek, 18 tasi rus, 4 tasi qozoq va 2 tasi qoraqalpoq tilida dars o'tmoqda.
Mazkur jarayonlar yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar etib tayyorlashga hamda kelgusida mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shadigan avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.
Manba: UzA


