Navoiy viloyatida yangi maktab binosi va qo'shimcha korpuslar foydalanishga topshirildi
Navoiy viloyatida Prezident qarorlari ijrosi doirasida yangi maktab va qo'shimcha o'quv binolari foydalanishga topshirildi.

Navoiy viloyatida ta'lim maskanlari foydalanishga topshirildi
O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi arafasida Zarafshon shahridagi 15-umumiy o'rta ta'lim maktabi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur ta'lim muassasasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi "2025 - 2027-yillarda O'zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori asosida Investitsiya dasturi doirasida 15,2 milliard so'm mablag' evaziga barpo etildi. Zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan yangi maktabning foydalanishga topshirilishi natijasida 990 nafar o'quvchi uchun qo'shimcha ta'lim o'rinlari yaratildi. Shuningdek, ta'lim muassasasida 75 ta yangi ish o'rni tashkil etildi.
19-maktabda yangi o'quv binosi ochildi
Mustaqillik bayrami arafasida Navoiy shahridagi 19-umumta'lim maktabida qo'shimcha ravishda barpo etilgan 810 o'rinli zamonaviy o'quv binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur loyiha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi "2025 - 2027-yillarda O'zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga asosan amalga oshirildi. Loyiha doirasida mazkur maktab rekonstruksiya qilinib, qo'shimcha 810 o'rinli zamonaviy o'quv binosi barpo etildi. Qurilish ishlari uchun 7,3 milliard so'm mablag' yo'naltirildi. Tadbirda Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev, viloyat maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i Ra'no Hayitova va tegishli mas'ullar, nuroniylar hamda pedagoglar jamoasi ishtirok etdi.
Manba: UzA


