Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyi bitiruvchilariga diplomlar topshirildi
Akademik litseyning 2025-2026-o'quv yili bitiruvchilariga tantanali ravishda diplomlar topshirildi.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti akademik litseyida 2025-2026-o'quv yili bitiruvchi o'quvchilariga bag'ishlangan "Xayr, litsey - salom, oliy ta'lim muassasasi!" deb nomlangan bayram kechasi tashkil etildi.
Tantanali tadbirda akademik litsey jamoasi, o'quvchi-yoshlarning ota-onalari qatnashdi. Tadbir davomida akademik litsey direktori Q. Qalxorazov, fidoyi ustozlar hamda faol o'quvchilarning ota-onalari nutq so'zlab, yoshlarga kelgusi o'qishlarida muvaffaqiyat va yutuqlar tilashdi.
Bitiruvchilarning erishgan yutuqlari
Joriy o'quv yilida ta'lim dargohini jami 246 nafar yoshlar muvaffaqiyatli tamomladi. Qayd etilishicha, bitiruvchilar jami 638 ta milliy va xalqaro sertifikatlarni qo'lga kiritishgan. Ulardan 20 nafari o'qishni imtiyozli diplom bilan yakunladi.
Shuningdek, litsey bitiruvchilaridan 5 nafari chet elning nufuzli oliy ta'lim muassasalariga grant asosida o'qishga qabul qilingan. Bundan tashqari, 14 nafar o'quvchi muddatidan oldin talabalikka erishgan.
Bayram tadbiri san'at ustalari va akademik litseyning iqtidorli o'quvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom ettirildi.
Manba: UzA


