O'zbekistonda bir yillik amaliy magistratura dasturlari joriy etilmoqda
2026-2027 o'quv yilidan boshlab mamlakatimiz oliy ta'lim tizimida magistrlar ikki xil dastur asosida tayyorlanadi.
Hukumatning 2026-yil 17-sentabrdagi 500-son qaroriga ko'ra, oliy ta'lim tizimida magistratura bosqichida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo'yicha yangi tartib belgilandi.
Yangi o'quv dasturlari va muddatlari
2026-2027 o'quv yilidan boshlab magistraturada kadrlar ikki xil dastur asosida o'qitiladi. Ishlab chiqarish (amaliy) dasturiga yo'naltirilgan magistraturada o'qish muddati kamida bir yil, ilmiy-pedagogik dasturda esa kamida ikki yil etib belgilandi. Ta'lim muayyan mutaxassislikning o'quv rejasi va dasturlariga muvofiq kunduzgi, kechki yoki masofaviy shakllarda tashkil etilishi mumkin.
Bitiruv malakaviy ishlari va himoya qilish
Ishlab chiqarish (amaliy) dasturini tamomlayotgan magistrantlar an'anaviy magistrlik dissertatsiyasi o'rniga mutaxassislik xususiyatidan kelib chiqib amaliy ish tayyorlaydi. Bu loyiha ishi, konstruktorlik loyihasi, startap loyihasi, ratsionalizatorlik g'oyasi, amaliy-ijodiy asar yoki boshqa turdagi ish bo'lishi mumkin. Bitiruvchi tayyorlagan ishini himoya qilishi talab etiladi. Ilmiy-pedagogik dastur bo'yicha tahsil olgan magistrantlar esa magistrlik dissertatsiyasini tayyorlaydi. Dissertatsiya dastlabki himoyaga qadar plagiatga tekshiriladi va "yashirin ekspert taqrizi"dan o'tkaziladi. Shuningdek, Scopus va Web of Science ma'lumotlar bazalariga kiritilgan jurnallarda ilmiy maqola chop etgan magistratura talabalarini belgilangan tartibda rag'batlantirish nazarda tutilgan.
Mas'ul idoralar va istisnolar
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi magistraturada o'qish davomiyligini mutaxassisliklarning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib muvofiqlashtiruvchi organ sifatida belgilandi. Yangi tartib ayrim oliy ta'lim muassasalariga tatbiq etilmaydi. Xususan, Odil sudlov akademiyasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta'lim tashkilotlari bundan mustasno.
Manba: Kun.uz



