Toshkentdagi maktab bitiruvchilarining 11 ming nafari bepul CEFR sertifikatiga ega bo'ldi
STEP loyihasi doirasida o'tkazilgan sinovlar natijasiga ko'ra, poytaxtimizdagi maktab bitiruvchilarining 11 ming nafarga yaqini bepul milliy sertifikatlarni qo'lga kiritdi.

Bugungi kunda xorijiy tillarni egallash insonlar uchun ta'lim olish, kasbiy rivojlanish va xalqaro muloqotda yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi muhim vositaga aylangan. Shu bois mamlakatimizda ushbu yo'nalishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Til o'qitishdagi yutuqlar va xorijiy mutaxassislar
Respublikamizda an'anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan "Xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha eng yaxshi maktab tanlovi" joriy yilda 5-marta o'tkazilmoqda. Shu vaqtgacha mazkur tanlovda 200 ming nafarga yaqin o'quvchi qatnashib, g'oliblar Buyuk Britaniya, Fransiya hamda Germaniya davlatlariga ta'lim sayohatlarini amalga oshirgan. Ma'lumotlarga ko'ra, oxirgi to'rt yilda sertifikat olgan o'quvchilar soni salkam 8 barobarga ko'payib, 90 424 nafarni tashkil etdi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi ma'lumotiga ko'ra, 2023-yildan buyon maktablarga 1 500 nafarga yaqin til egalari va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilingan. Yangi o'quv yilida esa yana 2 500 nafar xorijlik mutaxassisni olib kelish rejalashtirilgan.
Bepul milliy sertifikatlar topshirildi
Joriy yilda “STEP” (Smart Tongues Education Programme) loyihasi doirasida Toshkent shahridagi bir qator umumta'lim maktablari bitiruvchilarining chet tilini o'zlashtirish darajasi keng ko'lamda baholandi. Mazkur sinov jarayonlari natijalariga asosan, poytaxtdagi maktablarda o'qiyotgan 11 ming nafarga yaqin bitiruvchi sinf o'quvchisi xorijiy tilni bilish darajasini aniqlovchi bepul milliy sertifikatlarni (CEFR) qo'lga kiritdi.
Manba: UzA


