Nodavlat ta'lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini ochishga ruxsat berildi
O'zbekistonda bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari majburiy ta'limning ilk bosqichi sifatida kiritilib, nodavlat muassasalarga ham bunday guruhlar ochishga ruxsat etildi.

Prezidentning joriy yil 5 fevraldagi farmoniga asosan, maktabgacha va tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi. Unga ko'ra, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari majburiy umumiy o'rta ta'limning dastlabki bosqichi sifatida joriy etilmoqda va tizimda o'yinga asoslangan ta'lim yo'nalishi qo'llaniladi.
Yangi guruhlar va nodavlat tashkilotlar
Maktabgacha tayyorlov guruhlari bolalar bog'chalari, umumta'lim maktablari hamda boshqa ijtimoiy soha ob'ektlarida to'liq yoki qisqa muddatli shaklda tashkil etiladi. Shu bilan birga, maktabgacha va umumiy o'rta ta'lim xizmatlarini ko'rsatuvchi nodavlat ta'lim tashkilotlariga ham bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini ochishga ruxsat berildi. 2027-2028 o'quv yilidan boshlab bunday guruhlarda ta'lim jarayonlarini oliy ma'lumotli pedagoglar hamda oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchi bosqich talabalari olib boradi.
Ta'lim-tarbiya jarayonini tamomlagan bolalarga bir yillik tayyorlovdan o'tganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi. Mazkur ma'lumotlar keyinchalik umumiy o'rta ta'lim to'g'risidagi shahodatnomada ham qayd etib boriladi.
Yangi markazlar va pedagoglarni tayyorlash
2026-2028 yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida bittadan "Yangi avlod" maktabgacha ta'lim tashkiloti davlat bog'chasi sifatida ish boshlaydi. Ular tarkibida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari ham tashkil etiladi. Ushbu muassasalarning rahbar va pedagog xodimlari tanlov asosida qabul qilinib, ularning tarif stavkasiga har oyda 20 foiz miqdorida davlat byudjetidan qo'shimcha ustama to'lanadi.
Shuningdek, 2026-2027 o'quv yilidan boshlab pedagogika OTMlarida maktabgacha va boshlang'ich ta'lim yo'nalishi bo'yicha bakalavrlar tayyorlash ilg'or xalqaro tajribalar asosida yo'lga qo'yiladi. O'rta maxsus ma'lumotli pedagoglar uchun esa dual ta'lim shaklida to'lov-shartnoma asosida bakalavriat ta'limi joriy etiladi.
Tadbirkorlar uchun yangi imtiyozlar
2026 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahridan tashqari maktabgacha ta'lim qamrovi 80 foizdan past bo'lgan hududlardagi tadbirkorlik sub'ektlariga qator imtiyozlar beriladi. Bog'cha va maktablarning bo'sh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bog'chalar qurishga ruxsat etilib, ijara to'lovlari 30 yil muddatga undirilmaydi. Shuningdek, davlat bog'chalaridagi bir nafar bola xarajatining 50 foizi miqdorida har oylik subsidiya ajratilishi belgilandi.
Manba: UzA

