O'zbekiston 2030 strategiyasida ta'lim tizimini rivojlantirish vazifalari belgilandi
Taraqqiyot strategiyasi markazida O'zbekiston 2030 strategiyasini takomillashtirishga bag'ishlangan matbuot anjumani o'tkazildi.

Taraqqiyot strategiyasi markazida takomillashayotgan O'zbekiston 2030 strategiyasi loyihasining ta'lim tizimini takomillashtirishga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Tadbirda markaz rahbari Eldor Tulyakov ishtirok etib, strategiyani takomillashtirish zarurati, global o'zgarishlar va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida gapirib o'tdi.
Maktabgacha va maktab ta'limidagi yangi ko'rsatkichlar
Matbuot anjumanida vazirlik va idoralar vakillari o'z yo'nalishlariga oid vazifalarni tushuntirib berdi. Xususan, bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish belgilangan. Shuningdek:
- Umumiy o'rta ta'lim muassasalarini toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya gigiyena infratuzilmasi bilan 100 foiz ta'minlash;
- Ta'lim tashkilotlariga har yili 600 nafar til egalari bo'lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish;
- Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan umumiy o'rta ta'lim muassasalari ulushini 100 foizga yetkazish;
- Ehtiyoj yuqori bo'lgan yo'nalishlar va olis hududlardagi abituriyentlar uchun pedagogik ta'lim yo'nalishlari bo'yicha davlat granti asosida tayyorlangan kadrlar ulushini 17 foizga yetkazish.
Oliy va kasbiy ta'lim hamda ilm-fan yo'nalishlari
Tadbirda o'rta maxsus va oliy ta'lim tizimida ta'lim samaradorligini oshirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Kasbiy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va moddiy-texnika bazasini takomillashtirish ko'rsatkichini 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, 14 ta hududiy ilg'or kasbiy mahorat texnikumlari va Kasblar shaharchasini tashkil etish ko'zda tutilgan. Bitiruvchilarning o'z mutaxassisligi bo'yicha ishga joylashishi va 1-3 yil davomida ishlash ko'rsatkichi 70 foizga yetkaziladi.
Oliy ta'lim tashkilotlarining xalqaro akkreditatsiyadan o'tgan ta'lim dasturlari sonini 200 taga yetkazish belgilandi. Ilm-fan sohasida esa davlat byudjetidan ajratiladigan mablag'lar hisobiga amalga oshiriladigan fundamental tadqiqot loyihalari soni 400 taga yetkazilib, sohaga ajratiladigan mablag'lar yalpi ichki mahsulotning 1 foiz miqdoriga chiqarilishi ko'rsatib o'tildi.
Manba: UzA
