O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida zamonaviy taekvondo majmuasi quriladi
Janubiy Koreya sarmoyasi evaziga O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida zamonaviy taekvondo majmuasi barpo etiladi.

Sport ta'limi sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish va mamlakatimizda yuqori malakali sportchilarni tayyorlashda xorij tajribasidan foydalanish hamda investitsiya mablag'larini jalb etish ustuvor vazifalardan sanaladi. Shu doirada Janubiy Koreya oliy ta'lim maskanlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish va sarmoya jalb etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Janubiy Koreya investitsiyasi va yangi majmua
Janubiy Koreya tomonidan ajratilgan investitsiya mablag'lari hisobidan O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida zamonaviy taekvondo majmuasini bunyod etish rejalashtirilgan. Ayni paytda mazkur maqsad uchun mo'ljallangan dastlabki sarmoya mablag'lari oliygoh hisobiga kelib tushdi. Ushbu majmua foydalanishga topshirilgach, kelgusida yosh va professional sportchilar uchun yuqori darajadagi o'quv-mashg'ulot bazasi vazifasini bajaradi.
Janubiy Koreyadagi muzokaralar va hamkorlik kelishuvlari
O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori R.Matkarimov boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Janubiy Koreyada bo'lib turibdi. Safar davomida mamlakatdagi qator nufuzli OTMlar bilan ta'lim va sport sohalarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan amaliy muzokaralar o'tkazildi. Xususan, Kukkiwon – Butunjahon taekvondo assotsiatsiyasi, Geongsang Milliy universiteti hamda Taekvondo sport turini targ'ib qilish markazi rahbariyati bilan universitet delegatsiyasi va yetakchi olimlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.
Muloqotlar chog'ida O'zbekistonda olimpiya sport turlarini rivojlantirish bo'yicha bajarilayotgan qo'shma loyihalar ko'lamini yanada kengaytirishga kelishildi. Shuningdek, talabalar va sportchilar almashinuvi dasturlarini yo'lga qo'yish, Kukkiwon akademiyasida o'tkaziladigan trening va seminarlar doirasida yosh hamda professional sportchilar uchun o'quv-mashg'ulot yig'inlarini tashkil etish masalalari bo'yicha o'zaro kelishuvlarga erishildi. Muzokaralar jarayonida amalga oshirilayotgan islohotlar koreyalik olimlar tomonidan yuqori baholanib, mazkur hamkorlik mamlakatlar o'rtasida sport ta'limi va olimpiya sport turlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.
Manba: UzA

