O'zbekistonda 40 ming nafardan ortiq o'qituvchi yuqori maosh olmoqda
O'zbekistonda o'qituvchilarning maoshlari oshib, sohada keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ilg'or pedagoglar uchun yangi mukofot ta'sis etildi.

1-oktabr – O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mamlakatimizdagi pedagog xodimlarga tabrik yo'llandi. So'nggi yillarda ta'lim sohasini rivojlantirish va o'qituvchilarning nufuzini oshirish borasida salmoqli natijalarga erishildi.
Pedagoglar mehnati va moddiy rag'batlantirish
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 40 ming o'qituvchi 1 ming dollar, ularning 1 ming 500 nafari esa 2 ming dollardan ziyod miqdorda maosh olmoqda. Yangi formatda o'tkazilgan "Yil o'qituvchisi" tanlovining 208 nafar tuman va shahar bosqichi g'oliblariga 616 million so'mdan mukofot berildi. Bunday rag'batlantirish mexanizmlari kelgusi yilda bog'cha tarbiyachilari va texnikum ustalari faoliyatiga ham tatbiq etiladi. Shuningdek, ilg'or pedagoglarni rag'batlantirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta'sis etildi.
Ta'lim infratuzilmasi va xalqaro yutuqlar
So'nggi o'n yilda respublikada 1 million 800 ming o'rinli bog'cha, 1 million 500 o'rinli maktablar barpo etilib, 10 mingdan ziyod muassasa zamonaviy ko'rinishga keltirildi. Oliy o'quv yurtlari soni 77 tadan 205 taga yetkazilib, qamrov darajasi 45 foizni tashkil etdi. Oliyhgohlarimizdagi 185 ta ta'lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o'tdi, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 441 ta qo'shma ta'lim dasturi yo'lga qo'yildi.
O'quvchilarimiz 2026-yilda xalqaro olimpiadalarda 228 ta medalni qo'lga kiritdi. Xorijiy til va fan sertifikatiga ega bo'lgan o'quvchilar soni 100 ming nafarga yetdi, 5 mingga yaqin maktab bitiruvchisi oliygohlarga kirishda eng yuqori ball to'pladi. Shuningdek, PISA reytingida 15 yoshli o'quvchilarimiz tabiiy fanlarni o'zlashtirish bo'yicha 32 pog'ona yuqorilab, 48-o'rinni egalladi.
Manba: UzA



