Sirdaryoda Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan ilg'or pedagoglar taqdirlandi
Sirdaryo viloyatida Ustoz va murabbiylar kuni nishonlanib, ta'lim sohasida fidokorona mehnat qilayotgan ilg'or pedagoglar va tanlov g'oliblari taqdirlandi.

Inson qalbiga nur va ma'rifat ulashuvchi ustoz hamda murabbiylar kuni Sirdaryo viloyatida ham yuqori kayfiyatda nishonlandi. Viloyat markazidagi amfiteatrda o'tkazilgan bayram tadbirida yillar davomida ta'lim-tarbiya tizimida samarali faoliyat yuritib, yosh avlodni tarbiyalashga o'z hissasini qo'shib kelayotgan pedagoglar e'zozlandi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokchilarni qutlab, ta'lim sifatini oshirishda o'qituvchilarning o'rni muhimligini qayd etdi. Ma'lum qilinishicha, viloyatda 325 nafar o'qituvchining oylik maoshi ming dollardan ortiqni tashkil etadi, yana 200 nafar pedagogga 70 foizlik ustama to'lanmoqda. Shuningdek, 2026/2027 o'quv yilidan boshlab davlat oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi bakalavriatida kontrakt asosida o'qiyotgan o'qituvchilarning farzandlariga kontrakt to'lovining 30 foizi miqdorida chegirma berilishi belgilandi.
Pedagoglarning yutuqlari va moddiy rag'batlantirish
Sirdaryo o'qituvchilarining kasbiy ko'rsatkichlari ham yildan-yilga oshib bormoqda. Xususan, so'nggi to'qqiz yilda 50 nafardan ziyod o'qituvchi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bo'lsa, 360 nafar pedagog «Xalq ta'limi fidoyisi» hamda «Xalq ta'limi a'lochisi» ko'krak nishonlariga sazovor bo'lgan. Joriy yilda «Yil o'qituvchisi» respublika tanlovida 11 nafar sirdaryolik pedagog g'olib chiqib, ularning har biriga 616 million so'mdan bir martalik pul mukofoti berildi. Shuningdek, Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Gulasal Berdiyeva «Kasbiy mahorat yetakchisi» tanlovida g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Ustozlarning mehnati o'quvchilarning erishayotgan natijalarida ham yaqqol namoyon bo'lmoqda. Masalan, joriy yilda sirdaryolik bitiruvchilarning 318 nafari muddatidan oldin talaba bo'ldi, 38 nafari esa xorijiy OTM grantlarini qo'lga kiritdi. Viloyat tarixida ilk bor Xitoyda o'tkazilgan 67-xalqaro matematika olimpiadasida ham o'quvchilar medallarga sazovor bo'ldi.
Tantanali marosimda ta'lim rivojiga munosib hissa qo'shgan 4 nafar fidoyi ustoz davlat mukofoti bilan taqdirlandi. «Yil o'qituvchisi» tanlovi g'olibi bo'lgan 8 nafar pedagogga 616 million so'mlik sertifikatlar, shuningdek, bir qator ustozlarga viloyat hokimligining faxriy yorliqlari topshirildi. Bayram dasturi san'atkorlarning konsert dasturi bilan davom etdi.
Manba: UzA


