O'zbekistonda "Jasorat maktablari" faoliyati va o'quvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar
Respublika bo'yicha tashkil etilgan 208 ta "Jasorat maktabi"da 10 ming nafardan ortiq o'quvchi tahsil olmoqda.

Yurtimizda o'quvchilarning intizomli, jismonan baquvvat, bilimli va Vatanga sadoqatli bo'lib kamol topishida ta'limning o'rni muhim. Shu maqsadda respublika miqyosida "Jasorat maktablari" o'z faoliyatini boshladi. 2025–2026 o'quv yilidan boshlab har bir tuman va shaharda bittadan jami 208 ta shunday ta'lim maskani tashkil etilib, bugungi kunda ularda 10 ming nafardan ziyod o'quvchi o'qimoqda.
O'quv jarayoni va chuqurlashtirilgan fanlar
"Jasorat maktablari"da bolalar nafaqat umumta'lim fanlarini o'zlashtiradi, balki harbiy-vatanparvarlik va jismoniy tayyorgarlik bo'yicha o'z salohiyatini oshirib boradi. Bu maskanlarda matematika, chaqiruvga qadar boshlang'ich tayyorgarlik (CHQBT), tarix, jismoniy tarbiya, chet tili hamda fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o'qitiladi. O'quvchilar nafaqat nazariy bilim va formulalarni o'rganadi, balki xorijiy tillarni o'zlashtirib, jismoniy va harbiy ko'nikmalarni shakllantiradi.
Qabul jarayoni va to'garaklar
Ushbu maktablarga hujjatlar onlayn tarzda ariza.piima.uz platformasi orqali qabul qilinadi. Qabul jarayoni 4-sinfni tamomlagan o'quvchilar o'rtasida ikki bosqichda — test sinovlari hamda jismoniy tayyorgarlik sinovlari asosida o'tkaziladi. Jismoniy tayyorgarlik bo'yicha har bir o'quvchiga 4-sinf o'quv dasturi doirasida 5 ta jismoniy mashq beriladi va har bir sinfga 26 nafardan o'quvchi qabul qilinadi.
Shuningdek, maktablarda darsdan tashqari to'garaklar ham yo'lga qo'yilgan. O'quvchilarning qiziqishlarini rivojlantirish maqsadida robototexnika, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik hamda milliy sport o'yinlari bo'yicha mashg'ulotlar o'tkazilib, nazariy bilimlar amaliy ko'nikmalar bilan boyitilmoqda.
Joriy yilda ilk bor mazkur maktablar o'quvchilari uchun "Jasorat uchqunlari" harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasi tashkil etildi. G'olib bo'lgan faol o'quvchilar Ozarbayjonga ta'lim sayohatiga yuborildi.
Manba: UzA


