Kasbiy ta'lim pedagoglariga xorijiy tilda dars bergani uchun ustama to'lanishi mumkin
Kasbiy ta'lim pedagoglari xorijiy tilda dars o'tsa, B2 darajadagi sertifikat uchun 50 foiz, C1 uchun 100 foiz ustama olishi rejalashtirilmoqda.
Kasbiy ta'lim tashkilotlari o'qituvchilari uchun xorijiy guruhlarda umumkasbiy va maxsus fanlarni chet tilida dars bergan taqdirda lavozim maoshiga qo'shimcha ustama haqi belgilanishi taklif etilmoqda. Bunda rus guruhlari istisno qilingan.
Ustama miqdorlari va talablar
Qonunchilik loyihasiga asosan, pedagoglarga chet tilini bilish darajasiga qarab oylik ustamalar to'lanishi ko'zda tutilgan. Xususan:
- B2 darajadagi sertifikat egalariga 50 foiz miqdorida;
- C1 darajadagi sertifikat egalariga esa 100 foiz miqdorida har oylik ustama berish belgilanishi rejalashtirilgan.
Yangi o'zgarishlar va sertifikatlar ro'yxati
Shuningdek, mazkur loyihada hujjatdagi professional atamasini kasbiy so'zi bilan almashtirish, ta'lim bosqichlari nomlanishini yangilash va sertifikatlar ro'yxatini kengaytirish nazarda tutilgan. Jumladan, musiqa madaniyati hamda jismoniy tarbiya fanlari o'qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholovchi milliy sertifikatlarni ham ro'yxatga kiritish rejalashtirilmoqda. Ushbu sertifikatlar uchun eng kam daraja B+ etib belgilanishi ko'zda tutilgan. Ushbu o'zgarishlar umumiy o'rta ta'lim maktablari hamda kasbiy ta'lim tizimida malaka va rag'batlantirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan.
Manba: Kun.uz

