O'zbekistonda ta'lim sohasini rivojlantirish va islohotlar natijalari sarhisob qilindi
Mamlakatimizda so'nggi yillarda ta'lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar, yaratilgan shart-sharoitlar va erishilgan natijalar ma'lum qilindi.

Mamlakat taraqqiyoti bilimli va salohiyatli yoshlar faoliyatiga tayanadi. Kelgusi o'n yillik Milliy yuksalish davri bo'lishi belgilangan bo'lib, bu jarayonda ilm-fan va ta'lim-tarbiya yutuqlarini ta'minlash eng ustuvor vazifa etib belgilangan. Bu boradagi amaliy ishlar natijalari "O'qituvchi va murabbiylar" kuniga bag'ishlangan ma'ruzada ham o'z aksini topdi.
Maktabgacha va maktab ta'limidagi o'zgarishlar
2017-yildan buyon respublika bo'ylab 1,8 million o'rinli bog'cha hamda 1,5 million o'rinli maktab barpo etildi. Shuningdek, 10 mingdan ortiq maktab va bog'chalar zamonaviy qiyofaga keltirildi. Xorijiy ilg'or davlatlar tajribasiga tayangan holda yangi avlod darsliklarini tayyorlash ishlari davom ettirilmoqda.
Jamiyatda o'qituvchilarning obro'si va qadr-qimmati oshishi natijasida xalqaro hamda milliy sertifikatga ega ustozlar soni 143 ming nafarga yetdi. Ilk bor joriy yilda "Yil o'qituvchisi" tanlovining 208 nafar shahar va tuman g'oliblariga 616 million so'mdan pul mukofoti topshirildi.
O'quvchilarning xalqaro va nufuzli fan olimpiadalaridagi ishtiroki ham sezilarli natijalarni bermoqda. Joriy yilda o'quvchilar 38 ta oltin, 82 ta kumush, 108 ta bronza, jami 228 ta medalni qo'lga kiritdi. O'zbekistonda ilk bor o'tkazilgan Xalqaro kimyo va informatika olimpiadasida yoshlar 8 ta medalni qo'lga kiritdi. PISA xalqaro reytingida esa 15 yoshli o'quvchilar tabiiy fanlar yo'nalishida 32 pog'onaga ko'tarilib, dunyo mamlakatlari orasida 48-o'rinni egalladi.
Oliy va kasbiy ta'limdagi islohotlar
Malakali va raqobatbardosh kadrlarga bo'lgan ehtiyoj ortib borayotgani sababli oliy ta'lim sifatiga alohida e'tibor qaratilmoqda. 2016-yilda mamlakatda oliy o'quv yurtlari soni 78 tani tashkil etgan bo'lsa, hozirgi kunda ular 230 tadan oshdi. Qabul kvotalarining ko'payishi, nufuzli xorijiy universitetlar filiallarining ochilishi natijasida yoshlarni oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 50 foizga ko'tarildi.
O'tgan 10 yil mobaynida dual ta'lim shakli joriy etilib, xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik kuchaytirildi hamda ishlab chiqarish bilan nazariy bilimlarning integratsiyasiga e'tibor qaratildi. Shuningdek, kasbiy ta'lim muassasalari soni o'n yil oldingi 1 ming 500 tadan 2 ming 500 taga oshirildi.
Zamonaviy ta'lim texnologiyalari va innovatsiyalar har qanday davlat taraqqiyotining asosiy omilidir. Uni harakatga keltiruvchi kuch sifatida yoshlar sun'iy intellekt, IT, raqamli texnologiyalar va barcha sohalarga kreativ yondashuv yo'nalishlarini egallab, yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishlari zarur.
Manba: UzA


