O'zbekistonlik yosh olim Italiyaning nufuzli universiteti doktoranturasiga birinchi o'rin bilan qabul qilindi
Toshkentda tug'ilgan Mirmuhsin Suyunov Italiyaning Milan universitetida doktorantura bosqichiga eng yuqori natija bilan qabul qilindi.

Dunyoning nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan va ilmiy yutuqlarga erishayotgan o'zbekistonlik yoshlar safi kengayib bormoqda. Ana shunday iste'dodli vatandoshlarimizdan biri – Toshkent shahridagi 190-sonli maktabni a'lo baholarga tamomlagan Mirmuhsin Suyunovdir.
Hozirda u Italiyaning nufuzli Milan universitetida “Barqaror rivojlanish uchun xalqaro va ommaviy huquq, etika va iqtisodiyot” yo'nalishi bo'yicha doktoranturada o'qimoqda. Mazkur dastur uchun o'tkazilgan tanlovda u 34 nafar nomzod, jumladan 33 nafar italiyalik da'vogarlar orasidan eng yuqori natijani ko'rsatib, birinchi o'rin bilan qabul qilindi.
Xalqaro ta'lim yo'li va akademik yutuqlar
Mirmuhsin Suyunovning ta'lim yo'li bir nechta xorijiy davlatlarni qamrab olgan. 2022-2024-yillarda Italiyaning Rim shahridagi “La Sapienza” universitetida magistratura bosqichida tahsil olib, “Menejment va innovatsiyalar uchun iqtisodiyot va kommunikatsiya” yo'nalishini 110/110 “summa cum laude” imtiyozli diplom bilan tugatdi. U magistrlik dissertatsiyasida Italiya fond bozori faoliyatini mustaqil tahlil qilib, ommaviy kapital bozorlarining iqtisodiy o'sishga ta'sirini ilmiy jihatdan o'rgandi.
Bungacha esa Janubiy Koreyadagi “SolBridge” Xalqaro biznes maktabining “Biznesni boshqarish” yo'nalishini 4.26/4.5 GPA ko'rsatkichi bilan tamomlagan. Talabalik yillarida barcha fanlardan a'lo natija ko'rsatib, 100 foizlik xizmat stipendiyasini qo'lga kiritgan. Shuningdek, “3+1” ikki diplom dasturi doirasida Fransiyaning “Clermont Business School” maktabida o'qib, “Xalqaro menejment” yo'nalishi bo'yicha ikkinchi bakalavr diplomiga ega bo'lgan.
Ilmiy faoliyat va pedagogik ishlar
2021-yilda Pekin texnologiya institutining “Cloud Lessons” xalqaro yozgi dasturida qatnashib, Data Science va Big Data texnologiyalari bo'yicha kursni A+ baho bilan tamomlagan.
Bugungi kunda u faqat doktorant emas, balki yosh olim va pedagog sifatida ham ishlamoqda. 2025-yil oktabridan buyon Milano-Bicocca universitetida fan eksperti – “Cultore della Materia” sifatida faoliyat yuritib, magistratura kurslarining imtihon komissiyalari tarkibida qatnashib kelmoqda.
Manba: UzA


