Prezident Shavkat Mirziyoyev ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv o'tkazdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Yangi O'zbekiston universitetida pedagoglar bilan uchrashdi.

O'qituvchi va murabbiylar kuni arafasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Yangi O'zbekiston” universitetida soha vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi. Tadbirda mazkur oliygoh ta'lim tizimiga yangicha ruh va mazmun olib kirishini qayd etib, barcha pedagoglarni kasb bayrami bilan muborakbod etdi. Prezident o'z nutqida o'qituvchining jamiyatdagi o'rniga alohida to'xtalib o'tdi. – O'qituvchi – mehr daryosi, o'qituvchi – ezgulik bulog'i, o'qituvchi – ma'rifat quyoshi! Ustozlar bugun yoshlar qalbiga qadayotgan ma'rifat va ezgulik urug'ining hosilidan ertaga butun jamiyat bahramand bo'ladi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi. Shuningdek, buyuk ajdodlarimiz kamoloti ortida ham ularga saboq bergan muallimlar turgani yodga olindi. Imom Buxoriy, Beruniy, Amir Temur va Alisher Navoiy kabi ulug' siymolarni yetishtirgan ustozlar “odamiylik bog'ining bog'bonlari” deb e'tirof etildi. Uchrashuv davomida o'z hayotini yoshlar kamolotiga bag'ishlagan barcha ustoz va murabbiylarga yuksak hurmat ko'rsatilib, minnatdorlik bildirildi.
Manba: UzA



