Qoraqalpog'istonda “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasi g'oliblari aniqlandi
Nukus shahrida maktab o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasi g'oliblari ma'lum bo'ldi.

Nukus shahrida “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi tashkil etildi. Ushbu musobaqa o'quvchi-yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ular o'rtasida do'stlik aloqalarini mustahkamlash hamda innovatsion g'oya va tashabbuslarni shakllantirishga qaratildi. Shuningdek, tadbir maktab o'quvchilarida moliyaviy huquqbuzarliklar hamda yashirin iqtisodiyotga nisbatan murosasiz munosabatni tarbiyalash maqsadini ko'zda tutgan.
Musobaqa Davlat rahbarining 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash doirasida tashkil etildi. Mazkur bilimlar bellashuvi Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog'iston Respublikasi boshqarmasining qo'shma qaroriga asosan o'tkazildi.
Olimpiada g'oliblari
Keskin va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko'ra, faxrli birinchi o'rinni Nukus shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 9-sinf o'quvchisi Jahongir Kamalov qo'lga kiritdi. Ikkinchi o'rin To'rtko'l tumanidagi 18-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisi O'lmasbek Shokirovga nasib etdi. Kuchli uchlikni Beruniy tumanidagi 58-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabining 10-sinf o'quvchisi Nurbol Sa'dullayev yakunlab berdi.
Musobaqada sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritgan iqtidorli o'quvchilar joriy yilning may oyida bo'lib o'tadigan olimpiadaning respublika bosqichida qatnashish huquqini beruvchi yo'llanmani qo'lga kiritdilar.
Manba: UzA


